Tsellyuloza nima?

O’simliklar va jonivorlarning yumshoq joylarida tsellyuloza bo’ladi. Aynan tsellyuloza o’simliklarni qayishqoq qiladi. Amalda barcha yashil o’simliklar o’z ehtiyojlari uchun tsellyuloza ishlab chiqaradi. Uning tarkibi ham, qandniki singari uglerod, vodorod va kisloroddan iborat. Ushbu elementlar havo va suvda mavjud. Qand o’simliklarning yaprog’ida hosil bo’ladi va sharbatda erib, butun tanaga tarqaladi. Qandning aksariyati o’simlikning o’sishiga yordam berish va tiklanish ishlariga sarf bo’ladi, qolgani esa tsellyulozaga aylanadi. O’simlik uni yangi hujayralarga qobiq yasashga ishlatadi. Tsellyuloza sun’iy yo’l bilan hosil qilish mumkin bo’lmagan tabiiy mahsulotlar sirasiga kiradi. Ammo biz uni turli sohalarda ishlatamiz. Inson o’simliklarni kesib va quritib tsellyuloza oladi. Masalan, yovvoyi paxta tabiiy tsellyulozaning eng toza ko’rinishlaridan biridir. Inson undan o’ziga kiyim-kechak tayyorlashda foydalanadi. Tsellyuloza inson tanovul qiladigan salat, selderey (kashnichsimon oshko’k), shuningdek, kepak mahsulotlari tarkibiga ham kiradi. Inson organizmi tsellyulozani hazm qila olmaydi, ammo u parhez saqlovchilar uchun «dag’al yemish» sifatida foydalidir. Ayrim hayvonlar, jumladan, qo’y, tuyalar oshqozonida tsellyulozani hazm qilishga yordam beradigan bakteriyalar mavjud. Tsellyuloza qimmatbaho xom ashyodir. Inson undan turli buyumlar oladi. Tarkibining 99,8% tsellyulozadan iborat bo’lgan paxta inson tsellyuloza tolasidan nimalar olishi mumkinligiga yorqin misoldir. Agar paxta azot va oltingugurt kislotalari bilan qayta ishlansa, undan portlovchi modda — piroksilin olish mumkin. Tsellyulozani kimyoviy yo’l bilan qayta ishlash natijasida boshqa xil buyumlar ham tayyorlasa bo’ladi. Ulardan fotoplyonka uchun zarur material, laklarga qo’shimcha, gazmol ishlab chiqarish uchun viskoza tolasi, tsellofan va boshqa plastik ashyolar olish mumkin. Qog’oz ishlab chiqarishda ham tsellyulozadas foydalaniladi.