TSISTISERKOZ

TSISTISERKOZ — tasmasimon chuvalchanglar (tsestodlar sinfiga kiruvchi cho’chqa solityorlarining lichinkalari) qo’zg’atadigan gijja kasalligi. Odam va hayvonlarda uchraydi. Cho’chqa solityorining lichinkasi tsistiserklar deb atalib, odatda, chuchqaning ko’ndalang targ’il muskullarida yashaydi (cho’chqa oraliqxo’jayin). Odamga tsistiserkli cho’chqa go’shtini chala pishirib iste’mol qilganda yuqadi. Odam organizmiga o’tgan tsistiserk me’da shirasi ta’sirida parchalanadi va parazit o’z so’rg’ichlari bilan ingichka ichak devoriga yopishib, shu yerda jinsiy yetiladi. Ichakda etilgan gijja odamda tenioz kasalligini qo’zg’atadi. Ba’zi hollarda, ya’ni bemor qayt qilganda ichakning teskari qisqarishi tufayli gijjaning ichakda yetilgan bo’g’imlari me’daga, qizilo’ngachga tushib, ular devoridagi qon tomirlariga o’tadi va u yerda tuxumidan onkosferalar chiqadi. Onkosferalar qon va limfa orqali bemor skelet muskullariga, bosh va orqa miyaga, ko’zga va boshqalarga tarqalib, tsistiserklarga aylanadi (bunda odam oraliq xo’jayin bo’lib qoladi). Tsistiserklar odam organizmida oylab, yillab yashaydi va uni surunkali zaharlab turadi. Tsistiserklar qo’zg’atadigan kasalliklar og’ir kechib, ular qaysi a’zoda parazitlik qilsa, o’sha a’zo qattiq zararlanadi (masalan, ko’z xiralashadi, bosh qattiq og’riydi, bemor tirishadi, tutqanoq tutadi va hokazolar). Tsistiserklar joylashgan a’zoga va kasallik belgilariga ko’ra davo qilinadi. Oldini olish uchun go’sht mahsulotlarini yaxshilab pishirib eyish, shaxsiy va ovqatlanish gigienasi qoidalariga qat’iy rioya qilish, bemorlarni vaqtida davolash, oqar suvlarni ifloslantirmaslik zarur. Hayvonlarda Tsistit qoramol, qo’y, echki, ot, cho’chqa, tuya, it va boshqalarda uchraydi (jinsiy yetilgan gijja go’shtxo’r hayvonlarning ichagida parazitlik qiladi). Tsistit hayvonlarga parazitning tuxumi tushgan ozuqa yoki suv orqali yuqadi. Tsistiserklar skelet hamda chaynov muskullari, yurak, til, bosh miya va boshqa a’zo va to’qimalarda har xil kattalikdagi pufakchalar ko’rinishida rivojlanadi. Oldini olish: Tsistit sababli so’yilgan chorva mollari go’shti va a’zolari zararsizlantiriladi va ko’mib tashlanadi; fermalar va mollar so’yiladigan joylarga itlar qo’yilmaydi; itlar vaqt-vaqti bilan gelmintsizlantiriladi.