Tuhmat, bo’hton

Tuhmat, bo’hton (jinoyat huquqida) — biror shaxsni obro’sizlantirish maqsadida ataylab yolg’on va uydirma gaplar tarqatish. T. qilish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyin sodir etilgan bo’lsa, jinoiy javobgarlikka tortishga olib keladi. Bunda aybdor shaxs eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 y.gacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi (O’zbekiston Respublikasining JK, 139modda, 1qism). Agar T. qilish nashr qilish yoki boshqacha usulda ko’paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali sodir etilgan bo’lsa, bu og’irlashtiruvchi holat sifatida shaxsni to’g’ridan to’g’ri jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi. Aybdor shaxs eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha mikdorda jarima yoki 2 y.dan 3 y.gacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi (O’zbekiston Respublikasi JK, 139modda, 2kism). Agar T. og’ir yoki o’ta og’ir jinoyat sodir etishda ayblab; og’ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo’lgan holda; xavfli residivist tomonidan; g’arazgo’ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa, aybdor 3 y.gacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi. Shuningdek, shaxs o’zining sha’ni, qadrqimmati va ishchanlik obro’sini O’zbekiston Respublikasining FK asosida ham himoya qilishi mumkin. Fuqaro o’zining sha’ni, qadrqimmati yoki ishchanlik obro’siga putur etkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to’g’ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo’li bilan raddiya talab qilishga haqli. Manfaatdor shaxslarning talabiga ko’ra, fuqaroning sha’ni va qadrqimmatini uning vafotidan keyin ham himoya qilishga yo’l qo’yiladi. Basharti, fuqaroning sha’ni, qadrqimmati yoki ishchanlik obro’siga putur etkazuvchi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan bo’lsa, ayni shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Agarda bunday ma’lumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki qaytarib olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibini sud belgilaydi. Fukaro ommaviy axborot vositalarida uning huqukdari yoki qonun bilan himoyalanadigan manfaatlarini kamsituvchi ma’lumotlar e’lon kilinganda u ayni o’sha ommaviy axborot vositalari orqali chiqib, o’zini himoya qilish huquqiga ega. O’zining sha’ni, qadrqimmati yoki ishchanlik obro’siga putur etkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan fuqaro bunday ma’lumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida etkazilgan zararlar va ma’naviy ziyonning o’rnini qoplashni talab qilishga haqlidir. Mirzayusuf Russhamboev.