Turg’unboeva Mukarram

Turg’unboeva Mukarram (1913. 31. 5, Farg’ona — 1978.26.11, Toshkent) — raqqosa, baletmeyster, o’zbek ommaviy sahna raqsining asoschisi. O’zbekiston xalq artisti (1937). Farg’ona ped. bilim yurtida o’qib, havaskorlik to’garagida qatnashgan. 1928 y. konkurs asosida etnografik ansamblga qabul qilingan. 1929 y. M. Qoriyoqubov yordamida Samarkand davlat musiqali teatrining yordamchi guruhiga ishga kirgan. 1929-33 y.larda teatr aktrisasi, ham teatr qoshida tashkil etilgan studiya tinglovchisi sifatida faoliyat ko’rsatib, xalq raqsi, mumtoz raqs, ashula, aktyor ijrochiligi asoslarini o’rgangan. Osiyo, Zebo (U. Hojibekov, «Arshin mol olon»), Oynisa, Xoljon xola (G’. Zafariy, «Halima»), Asalxon (K. Yashin, «ichkarida») kabi rollari bilan aktyorlik mahoratini namoyish etgan. Biroq T.ni musiqali dramalarda ko’proq raqslar qiziqtirgan. Usta Olim Komilov va Tamaraxonimning maxsus raqs mashg’ulotlarida qatnashib, milliy raqs asoslarini hamda «Duchava», «katta o’yin», «Usmoniya», «Sadr», «Ufori soxta» nomli umumiy raqslarni, «Dilxiroj» yakka raqsini o’zlashtirib olib, ijro eta boshlaydi. Ko’pgina spektakllar («O’tdan parchalar», «kimga», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» va b.)ning raqslarini ijro etadi. 1935 y. «Paxta» baletini sahnalashtirdi (usta olim va K. Bek bilan hamkorlikda). 1935 y.dan o’zi mustaqil raqslar yarata boshlaydi. Bu ish «Gulsara» (K. Yashin; T. Jalilov, N. Mironov) musiqali dramasidan boshlangan. 1937 y. Usta Olim Komilov bilan birga «Gulsara» (K. Yashin; T. Jalilov, T. Sodiqov, R. Glier), «Farhod va Shirin» (Xurshid; V. Uspenskiy, G. Mushel, S. Sveyfel) spektakllariga raqslar sahnalashtiradi. 1937 y. Moskvada bo’lib o’tgan o’zbek san’ati dekadasida qatnashib, raqqosa va baletmeyster sifatida yuqori baho oladi. 1939 y.dan Navoiy nomidagi opera va balet teatrida ishlaydi. Balet bo’yicha A. Tomskiy, I. Arbatov, V. Gubskaya, P. Yorkinlardan ta’lim oladi. «Shohida» (F. Tal) baletini sahnalashtirib, o’zi bosh rolni ijro etadi. Gulandom (E. Brusilovskiy, «Gulandom»), Oqbilak (S. Vasilenko, «Oqbilak»), Zarema (B. Asafev, «Bokchasaroy favvorasi»), hind vakilasi (g. Mushel, «balerina») kabi obrazlarni yaratishda T. Evropa baleti usullaridan (oyoq uchida yurish va b.) ijodiy foydalandi. Bir qator operalarda baletmeysterlik qildi. 2-jahon urushi yillarida kontsert brigadalari bilan Zakavkaze frontlarida bo’ldi. Yakka va umumiy raqslar yaratdi: «Uyg’urcha raqs», «Jonon», «Rohat», «Raqqosa», «Tanavor», «Nog’ora», «Buxorocha», «Gulsara» va b. 1947 y. Usta olim bilan Tamaraxonimning «doyra darsi»ni kayta tiklaydi. «Dilbar», «Andijon polkasi», «Pilla» raqslarini yaratadi. «Toxir va Zuxra» (S. Abdulla; T. Jalilov, B. Brovkin), «Gulsara» (K. Yashin; R. Glier, T. Sodiqov) operalariga baletmeysterlik qiladi. 1951, 1959 y.larda Moskvada bo’lib o’tgan o’zbek adabiyoti va san’ati dekadasida qatnashgan. P. Yorkin bilan birgalikda «Ozoda chehra» baletini sahnalashtiradi. T. 50-y.larning boshlariga kelib, O’zbekistonning eng mashhur raqqosasi va etakchi baletmeysteri darajasiga ko’tariladi. Yakka raqslarning mohir ijrochisi, ommaviy o’zbek raqslarining ijodkori sifatida taniladi. Uyg’ur, tojik, hind, afg’on, mo’g’ul, koreys xalqlari raqslari asosida o’ziga xos sahnaviy raqslar sahnalashtiradi. Raqs san’atida erishgan yutuqlarini Xitoy, Koreya, Albaniya, Italiya, Avstriya, Afg’oniston, Hindiston, Kombodja, Tailand mamlakatlarida namoyish etadi. Ayniqsa, T. tayyorlagan dastur, q. Mirkarimova («Pilla»), F. Kaydani («Gulsara»), T. Yunusova («Bahor») raqslari hamda T. ijrosidagi «Tanavor», «jonon», «Andijon polkasi» chet el tomoshabinlarida chuqur taassurot qoldiradi. 1955 y. T. o’zi pedagoglik qilgan Toshkentxoreografiyabilimyurtiqizlaridan 12 tasini ajratib olib, raskosa qizlar guruhini tashkil qiladi. 1957 y. shu guruh asosida «Bahor» ansamblini tuzadi. T. Navoiy teatrida baletmeysterlik qilish bilan birga «Bahor» ansamblida badiiy rahbar, bosh baletmeyster vazifalarida faoliyat ko’rsatadi. Ayniqsa, «Bahor» ansamblining shakllanishida xizmatlari beqiyosdir. Ansambl uchun 15 ta kontsert dasturini tuzdi; «Bahor», «Ufori sanam», «Qo’g’irchoq», «Farg’ona ruboyisi», «O’ynasin», «Munojot», «O’zbek valsi», «Gulnoz», «aylanma», «Beshqarsak», «G’ayratli qiz», «etti go’zal», «Toshkent piyolasi», «shabadalar», «Ey, sho’x jonon», «Alyor», «qari navo», «Bayot», «Zang», «sho’x qiz», «Xorazmcha», «paxta», «katta o’yin», «uchrashuv», «Lazgi», «Dildor», «jonon», «Dilbar» kabi umumiy, yakkaxon va duet raqslar yaratdi. 1957 y. ansambl Jahon yoshlari va studentlari festivalining oltin medalini olishga muvaffaq bo’ldi. 1960 y. «Bahor»ga Davlat ansambli maqomi berilishi munosabati bilan T. ansamblni iqtidorli yosh raqqosalar bilan mustahkamlab borish, ularning mahoratini oshirish, yangi raqs va raqs dasturlarini yaratish, badiiy saviyani hamisha baland ushlab turish, gastrol safarlarini yuqori darajada o’tkazish, shu maqsadda o’zbek raqs merosini o’rganish, jahon xalklari raqslarini sahnalashtirish masalalari bilan umrining oxirigacha shug’ullanib keldi. Ansambl bilan Germaniya, Shvesiya, Vengriya, Chexoslovakiya, Polsha, Misr kabi mamlakatlarda gastrolda bo’lgan. 1947 y.dan Toshkent milliy rake va xoreografiya bilim yurtida pedagoglik qilgan. «O’zbekraqs» milliy rake birlashmasiga, Toshkent ko’chalaridan biriga T. nomi berilgan. T. hayoti va ijodiga bag’ishlangan «Salom, Bahor» (1962), «san’atga bag’ishlangan umr» (1971), «Mukarrama opa va qirq go’zal» (1977) filmlari ishlangan. 1993 y. 10 sent. da T. muzeyi ochildi. Muzey T.ning ijodiy merosi va faoliyatini saklash va targ’ib qilish bilan shug’ullanadi. 1993 y.dan T. nomidagi yosh ijrochiraqqosalar tanlovi o’tkazilmoqda. Davlat mukofoti (1946, 1951, 1973) va Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti (1976) laureati. Vafotidan so’ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2001). Ad.: Mayya Merkel, Mukarrama opa i sorok krasaves, Moskva, 1980; Avdeeva L. A., Balet Uzbekistana, T., 1973; tanes Mukarramo’Turgunbaevoy, T., 1989. Muhsin Qodirov.