Turmushdagi jarohatlanish
Turmushdagi jarohatlanish — xodimning ish faoliyati bilan bog’liq bo’lmagan tarzdagi jarohatlanishi va mayiblanishi. T. j. tufayli mehnat qobiliyati butunlay yo’qolgan yoki jiddiy ravishda pasaygan shaxslarga tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasining nogiron deb topish haqidagi xulosasi asosida muayyan shartlar mavjud bo’lganida nogironlik pensiyasi tayinlanadi. T.j. tufayli vaqtincha mehnat qobiliyati yo’qotilganda «Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlikni davolash profilaktika muassasalarida ekspertiza qilish to’g’risida»gi Nizomga muvofiq tekshirilib, belgilangan tartibda kasallik varaqasi yoki ma’lumotnoma beriladi. Xodim mastlik yoki spirtli ichimliklar (giyohvand moddalar)ni suiiste’mol qilishi, sud qaroriga ko’ra, majburiy davolashga yuborilganligi tufayli olingan jarohatlar oqibatida vaqtincha mehnatga yaroqsiz bo’lib qolsa, bu haqsa unga ma’lumotnoma beriladi. T. j. tufayli mehnat qobiliyati vaqtincha yo’qolganida tibbiy davolash profilaktika muassasasi tomonidan berilgan vaqtincha mexnatga yaroqsizlik varaqasi asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartib va mikdorda vaqtincha mehnatga yaroqsizlik nafaqasi beriladi. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik haqida ma’lumotnoma berilgan hollarda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi tayinlanmaydi. Ish joylarida yuz bergan T.j. belgilangan tartibda tekshirilishi va rasmiylashtirilishi lozim bo’ladi.