«Ulug’ Turkiston»

«Ulug’ Turkiston» – Toshkent shahrida tashkil topgan ziyolilarning «Ittifoq» jamiyatining nashr organi. 1917 yil 25 apreldan Toshkent shahrida chiqa boshlagan. Gazetaga Sodiq Abdusattorov, Kabir Bakirov, P. Domogatskiy muharrirlik qilgan. «Ulug’ Turkiston» dastlab (41 soniga qadar) «Turkestanskie vedomosti» matbaasida, keyinchalik «Umid» matbaasida chop etilgan (jami 155 soni chiqqan). 137 sonidan boshlab gaz.ning oxirgi sahifasi kirill imlosi (ruscha) da berilgan. Shuningdek, gazetaning yana alohida 9 ta ilova sonlari ham nashr qilingan. «Ulug’ Turkiston» «Yashasin Millatlar muxtoriyati» shiori ostida ish yuritgan. Gazetada turli toifadagi va turli siyosiy qarashlarga taallukli ziyolilar, ulamolar ham ishtirok etgan. Laziz Azizzoda, Muxtor Bakirov, Mustafo Cho’qayev, Fayzulla Xo’jayev, Sherali Lapin, Shokirjon Rahimiy, G’ozi Yunus, Abdurauf Fitrat, Nushervon Youshev, Yusuf Xaliliy kabi ziyolilarning maqolalari bosilgan. «Ulug’ Turkiston» 1917-18 yillarda Turkistondagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarni yoritib borgan. Sahifalaridan yangi tuzila boshlagan milliy siyosiy jamiyatlar, ularning o’zaro aloqa va faoliyatlari, jamiyatlar tomonidan nashr qilinayotgan gazeta va jurnallar, Turkiston musulmonlarining qurultoylari, Turkiston muxtoriyati, bolsheviklarning o’lkada olib borgan siyosati va boshqa materiallar o’rin olgan. «Ulug’ Turkiston» 1918 yil Turkiston ASSR ichki ishlar komissarligi ixtiyoriga o’tgach, 1918 yil noyabrda komissar Orif Klebleyevning buyrug’i bilan to’xtatilgan.