Umurtqasizlar

Umurtqasizlar (Invertebrata) umurtqa pog’onasi bo’lmaydigan hayvonlar guruhi. Hayvonot dunyosini umurtqasizlar va umurtqalilarga ajratishni 19-asr boshida frantsuz olimi J.B. Lamark taklif etgan bo’lib, sistematik ahamiyatga ega emas. Chunki umurtqasizlarga hayvonot dunyosining xordalilardan tashqari barcha tiplari kiradi. Lekin xordalilarning hamma vakillarida umurtqa bo’lmaydi. Hozir «Umurtqasizlar» termini faqat hayvonlarni umumiy tavsiflash uchun ilmiy asar va o’quv qo’llanmalarida ishlatiladi. Umurtqasizlarning taksonomik guruhlari uzil-kesil hal etilmagan. Ularga bir qujayralilarning 5-7 tipi, plastinkalilar, g’ovaktanlilar, taroqlilar, barcha chuvalchanglar, mollyuskalar, bo’g’imoyoqlilar, ignaterililar (hammasi bo’lib 16-23 tipga mansub hayvonlar) tipi kiradi. Lekin bir qancha taksonomik guruhlar tarkibi (masalan, bir qujayralilar, chuvalchanglar) aniq belgilanmagan. Umurtqasizlarning 1,5 milliondan 2,0 millionga yaqin turi ma’lum. Umurtqalilarning esa 45 ming turi bor. Umurtqasizlar chuchuk suv, dengiz va okeanlar, quruqlik va tuproq qatlamlarida yashaydi; bir qanchasi parazit. Umurtqasizlar tabiatda katta ahamiyatga ega. Oldingi geologik davrlarda yashagan Umurtqasizlar ba’zi cho’kindi jinslarning tarkibini tashkil etadi (masalan, ohaktoshning tarkibi deyarli o’lib bitgan foraminifera, korallar, mshankalar va boshqalar skeletidan iborat). Ko’pchilik Umurtqasizlar yoki ularning mahsuloti odam va chorva mollari, parrandalar, baliqlar uchun oziq (masalan, asal, qisqichbaqasimonlar va boshqalar). Umurtqasizlar hayotiy mahsuloti texnik-xo’jalik maqsadlarda ishlatiladi (masalan, asalari mumi, ipak qurti pillasi, mollyuskalar chig’anog’i, marvarid va boshqalar), shuningdek, Umurtqasizlardan qishloq xo’jalikda ekinlar va hayvonlar zararkunandalariga biologik qarshi kurashda, cho’kindi jinslar yoshini aniklashda ham foydalaniladi. Foydali Umurtqasizlar bilan birga, qishloq xo’jalik zararkunandalari, yuqumli kasalliklarni tashuvchilar, parazitlik qilib kasallik qo’zg’atuvchilari ham bo’ladi. Ad.: Mavlonov O., Xurramov Sh., Norbotev Z., Umurtqasizlar zoologiyasi, T., 2003.