Unxo’rlar, unxo’r qo’ng’izlar
Unxo’rlar, unxo’r qo’ng’izlar — don, don mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat zaxiralariga zarar yetkazuvchi yapaloqtanalilar oilasiga mansub qo’ng’izlar. Eng xavflilari Surinam unxo’ri va sarg’ish unxurdir. Surinam unxo’ri (Oryzaephilus surinamensis) qo’ng’izi hamma joyda — omborlarda, tegirmonlarda, oziq-ovqat korxonalarida, turar joylarda, eski daraxtlar po’stlog’i ostida yashaydi. Tusi qizilqung’ir, uzunligi 3-3,5 mm, old jag’lari yonlarida 5 tadan tishi bor. Lichinkasi ochsariq, uzunligi 4 millimetr, ko’kragida uch juft oyoqlari bor. Qo’ng’izlar un, yorma, ayniqsa, mog’orlay boshlagan kepak kabi mahsulotlarni xush ko’radi, idishlarga va boshqa hasharotlar zararlagan joylarga tuxum qo’yadi. 3-5 kun o’tgach, ulardan lichinka chiqadi. Sarg’ish unxo’r (Laemophloeus testaceus) — sariqqo’ng’ir, uzunligi 1,5—2,5 millimetr, old yelkasi deyarli to’rtburchak, mo’ylovlari bo’yi uzunligida. Lichinkasi uzunligi 2,5 millimetr, oqsariq, boshi va orqa tomoni sariq. Janub mintaqalarda ko’p uchraydi. 3-4 nasl beradi. Kurash choralari: joylarni toza saqlash, omborlar va un, don saqlanadigan xonalarni yiliga 2-3 marta benzofosfat, karbofos kabi kimyoviy preparatlar bilan dorilash.