Ural tillari

Ural tillari — Finn-ugor tillari va samodiy tillari oilalarini o’z ichiga olgan yirik til birlashmasi; mazkur til oilalarini ba’zi olimlar til guruhlari deb hisoblaydilar; ularning qarindoshligi esa fin olimi E. Setalya tomonidan isbotlangan. Ural tillari ancha katta hududda: shimolda — Norvegiya shimoldan Taymir yarim oroligacha, Janubda — Serbiya, Vengriya va Mordoviya respublikalarida tarqalgan. Sibir, quyi Volga va Kavkazdagi ayrim manzillarda ham finugor xalqlari yashaydi. Toponimika va gidronimika ma’lumotlari ba’zi finugor va samodiy xalqlarining (karellar, saamlar, komilar, vepslar, mariylar, mordvalar, mansilar va boshqalar) o’tmishda yanada kengroq hududda tarqalganligidan darak beradi. Ayrim Ural tillari, masalan, meryan, Murom, mishchar, shuningdek, Sayan tog’liklaridagi kichik-kichik qabilalarning tillari (Soyot, mator, koybal va boshqalar) allaqachon yo’q bo’lib ketgan, kamasin tili ham yaqindagina yo’qolgan. Ural tillari 2 ta katta tarmoqqa (oilaga): Finugor tillari va samodiy tillariga bo’linadi. Finugor tillari, o’z navbatida, 5 guruhga ajraladi; 1) Boltiqbo’yi fin guruhida fin, ijor, Karel va Veps tillari shimoliy guruhchani, eston, vod, Liv tillari Janub guruhchani tashkil etadi; 2) Volga guruhi — Mariy tili (barcha lahjalari bn), mordva tillari (erzyamordva, Mokshamordva); 3) Perm guruhi — udmurt, komiziryan, komipermyak tillari; 4) ugor guruhi — Xanti va Mansi tillari, Venger tili; 5) saam guruhi — g’arbiy va Sharqiy lahjali saam tili. Samodiy tillari an’anaviy tarzda 2 tarmoq yoki guruhga bo’linadi: shimol — Nenes, nganasan, ents tillari; Jan. — selkup va (yaqinda yo’qolgan) kamasin tili. Ural tillarining keng hududda tarqalganligi, boshqa xalqlar tillarining ta’siri bu tillarning turli satxlarida namoyon bo’luvchi katta tipologik farqlarning vujudga kelishiga sabab bo’lgan. Masalan, Perm, ugor, mordva va Mariy tillari agglyutinativ tillar bo’lsa, boltiqbo’yifin, samodiy tillari, ayniqsa, saam tili sezilarli flektiv xususiyatlarga ega. Ma’lum bir guruhga mansub tillar o’rtasidagi yaqinlik darajasi bir xil emas. Saam tili o’z xususiyatlariga ko’ra boltiqbo’yifin tillariga o’xshab ketsada, bu guruhga kiritilmaydi. Volga guruhidagi tillarning o’zaro farklari ancha sezilarli. Xanti tilining ayrim laxjalari bir tilning lahjalaridan ko’ra ko’proq mustaqil qarindosh tillarga o’xshaydi. Ural tillari o’z kelib chiqishlaridagi umumiylikni ko’rsatuvchi belgilarni namoyon etadi: umumiy lug’aviy qatlamlar, so’z o’zgartiruvchi va so’z yasovchi qo’shimchalarning shakliy yaqinligi, egalik suffikslarining mavjudligi, ishharakatning amalga oshishidagi davomiylik, ko’p martalilikni yoki oniylik, bir martalilikni bildiruvchi suffikslarning ko’pligi va boshqalar. Shu bilan birga, ayrim hozirgi Ural tillari sezilarli o’ziga xoslik bilan ajralib turadi: undosh fonemalar miqdori adabiy Perm tillarida 26 taga ega, fin tilida ular bor-yo’g’i 14 ta. Ural tillarida urg’uning xususiyati ham bir xil emas: birinchi, oxirgi va undan oldingi bo’g’inda bog’liq holdagi urg’ular uchraydi. Unlilarga va diftonglarga boy bo’lgan tillar (masalan, fin tili), shuningdek, turli-tuman undoshlari ko’p, lekin diftonglari oz bulgan tillar (Perm tillari) ham bor. Kelishiklarning umumiy soni 3 tadan (Xanti tili)23 tagacha (Venger tili) etadi. O’tgan zamon fe’llari tizimi tipologik jihatdan bir-biriga o’xshamaydi. Fin va eston tillaridagi o’tgan zamon tizimi latish tilidagi bilan bir xil bo’lsa, Mariy va Perm tillaridagi ayni shu tizim tatar va chuvash tillaridagiga o’xshashdir. Nenes va mordva tillarida mayl tizimi rivojlangan bo’lsa, boshqalarida asosan shart mayli namoyon bo’ladi. Ko’pchilik Ural tillarida inkor maxsus inkor fe’llari bilan, mordva, ugor, Venger va eston tillarida esa inkor yuklamasi orkali ifodalanadi. Sintaksis sohasidagi tafovutlar ancha sezilarli. Boltiqbo’yifin, saam, Venger, mordva va komiziryan tillarida hind-yevropa tillari — shved, nemis, rus tillarining, ayniqsa, ergash gapli qo’shma gaplar tuzilishida ancha kuchli ta’siri bor; samodiy, ugor va qisman udmurt, Mariy tillarida esa ushbu tillar sintaksisini turkiy tillarniki bilan yaqinlashtiruvchi ba’zi arxaik belgilar saqlanib qolgan. Ayrim Ural tillari uzoq tarixiy rivojlanish mobaynida boshqa xalqlar tillari ta’siriga uchragan, bu ta’sir izlari asosan leksikada, qisman grammatik qurilishda seziladi. Ural tillari juda qadimgi yozma yodgorliklarga ega emas, qadimgi yozma yodgorliklar Venger tilida 1200-yil atrofida, Karel tilida 13-asrda, qadimgi komi tilida 14-asrda, fin va eston tillarida 16-asrda, boshqa finugor tillarida esa 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida yaratilgan. Hozirgi Ural xalqlarida yozuv tizimi ancha notekis rivojlangan. Uzoq adabiy an’anaga ega bo’lgan tillar (Venger, fin, eston tillari) bilan bir qatorda yozuvi yaxshi rivojlanmagan (Nenes, Xanti, Mansi tillari) va yozuvsiz yoki yozuvi endigina shakllanayotgan (VOD, Veps va boshqalar) tillar ham mavjud. Ural tillarini, ayniqsa, finugor tillarini o’rganish qad. an’analarga ega. Vengriya, Finlyandiya, Rossiya Federatsiyasida, shuningdek, GFR, AQSh, Shvetsiya, Norvegiya, Frantsiya va Yaponiyada ushbu tillarni o’rganish bo’yicha yirik markazlar faoliyat ko’rsatmoqda. Ad.: Osnovi finnougorskogo yazikoznaniya. T. 13. M., 197476; Xaydu P., Uralskie yaziki i narodi, Per. s Veng., M., 1985.