Uralsk
Uralsk (1775 yilgacha Yoyiq shaharchasi) — shahar, Qozog’iston Respublikasi G’arbiy Qozog’iston viloyati markazi. Ural daryosi bo’yidagi pristan. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 189,1 ming kishi (2002). 16-asr oxirida Oreshnoe urochishchesi (maskani)da yoyiq kazaklari tomonidan yoyiq shaharchasi istehkomi barpo qilindi. No’g’ay tatarlari tomonidan vayron qilinganidan keyin u 1613 yilda Yotsh (Ural) daryosining quyi qismiga 50 kilometr pastga hozirgi o’rniga ko’chirildi. Yoyiq kazaklari Stepan Razin (1670-71), Emelyan Pugachyov (1773— 75) rahbarligidagi Krestyanlar urushida qatnashdilar. Yoyiq shaharchasi shu davrda krestyanlar urushi markazi bo’lgan. Shu bois, E. Pugachyov qatl qilinganidan keyin (1775) istehkom-shaharcha nomi Yekaterina II Farmoni bilan Uralsk deb o’zgartirildi va shaharcha Astraxon gubernyasi tarkibiga kiritildi. 1868 yildan shahar yangidan tashkil qilingan Ural viloyati markazi bo’ldi. O’sha davrda shahar aholisi, asosan, hunarmandchilik, savdo, dehqonchilik va baliq ovlash bilan shug’ullangan. 1894-yilda Ryazan — Ural temir yo’lning o’tkazilishi kaspiy bo’yi dashtlarida yirik savdo markazining vujudga kelishiga omil bo’ldi. 1912 yilda Uralskda 100 dan ziyod mayda sanoat korxonasi, 300 hunarmand bor edi. Uralskda mashinasozlik va metallsozlik (mashinasozlik, armatura, mexanika, qurilishsozlash asbob-uskunalari, priborsozlik, kema ta’mirlash, kemasozlik, «Metallist» va boshqa zavodlar), oziq-ovqat (go’shtkonserva, baliq, unyorma kombinatlari, qandolatchilik fabrikasi, likyoraraq, pivo, moy zavodlari) va yengil (mo’yna kombinati, ko’n va ko’n poyabzal zavodlari, tikuvchilik, kigiz bosish fabrikalari) sanoatlari rivojlangan. Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari (devor materiallari zavodi va boshqalar), mebel fabrikasi, issiqlik elektr markazi ishlab turibdi. 2 oliy o’quv yurti, teatr, tarixiy-o’lkashunoslik muzeyi, E.M. Pugachyov uymuzeyi bor.