«Urganchyog'» aktsiyadorlik jamiyati
«Urganchyog'» aktsiyadorlik jamiyati — oziq-ovqat sanoatining yirik korxonasi. «Yog’moytamakisanoat» uyushmasi tarkibiga kiradi. Rafinatsiyalangan paxta va boshqa o’simlik yog’lari, xo’jalik sovuni, alif, kunjara, shrot va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. Korxona dastlab 1889 yil dekabrda yangi Urganch shahrida paxta—yog’ zavodi tarzida ishga tushirilgan. 1910 yilda germaniyalik ishbilarmonlar tomonidan sotib olingan va ishlab chiqarish binolari yangidan qurilib, xorijiy dastgohlar o’rnatilgan. 1969 yilda Urganch shahrining sanoatchilar hududida sutkalik quvvati 720 tonna chigitni qayta ishlaydigan, o’simliklarning yog’li urug’larini qayta ishlashning to’liq tizimi (ekstraktsiya, forpress, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash, qadoqlash tsexlari)ga ega bo’lgan yangi «Urganch yog’ ekstraktsiya zavodi» qurilishi boshlandi va korxona 1977 yilda ishga tushirildi. 1983 yilda uning quvvati bir sutkada 800 tonna chigitni qayta ishlashga yetkazildi. 1981 yildan xo’jalik sovuni ishlab chiqarish tsexi ishga tushirildi. 1985 yilda qurilish uskunasining 2-tizimi qurildi va xo’jalik sovuni ishlab chiqaradigan quvvatlari yiliga 14,0 ming tonnaga yetkazildi. 1996 yilda Rossiyadan keltirilgan xom yog’ kislotalarini rektifikasiyalash texnologiya tizimi o’rnatildi. 2002 yildan paxta va soya yog’i asosida qurilishda ishlatiladigan alif ishlab chiqariladi. 1994 yildan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati, 2003 yildan Shveytsariyaning «plod oyl LTD» kompaniyasining investitsiyasi ishtirokidagi ochiq aktsiyadorlik jamiyati. Korxonada 56 ming tonna chigit, 11,3 ming tonna soya doni qayta ishlanib 8600 tonna rafinatsiyalangan paxta yog’i, 1777 tonna soya yog’i ishlab chiqarildi, 6410 tonna xo’jalik sovuni, 132 tonna alif mahsuloti tayyorlandi. Chet ellarga paxta shrotini eksport qiladi (2003).