Uy-joy huquqi

Uy-joy huquqi – fuqarolarning turar joy binolariga ega bo’lish, ulardan foydalanish qoidalari va shu kabilarni tartibga soluvchi huquqiy normalar majmui. Uy-joy ko’chmas mulk hisoblanadi. O’zbekiston qonunlariga ko’ra, turar joyga bo’lgan mulk huquqi muddatsiz bo’lib, uning mulkdori o’zga shaxslar (fuqarolar, tashkilotlar yoki davlat) ning huquq va qonuniy manfaatlarini buzmagan holda egalik qilishi, foydalanishi va tasarruf etishi mumkin. Uy-joy xususiy yoki davlat mulki bo’lishi, ayni vaqtda u qonun xujjatlarida belgilangan tartibda mulkchilikning bir shaklidan boshqa shakliga ham o’tishi mumkin. Uy-joyga bo’lgan xususiy mulk miqdor, o’lcham va qiymat jihatdan cheklanmaydi. Ayni vaqtda qonunda turar joy maydonining bir kishi hisobiga eng kam ijtimoiy normasi ham belgilanadi. Unga ko’ra, uyjoy maydonining ijtimoiy normasi Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan 1 kishi hisobiga 16 kvadrat metrdan, kresloaravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa — 23 kvadrat metrdan kam bo’lmagan hajmda belgilanadi. Yangi ajratilgan yer uchastkasida qurilayotgan uy-joyga mulk huquqi davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Ajratib berilgan yer uchastkasi davlat mulki bo’lib, u fuqarolarga ashyoviy huquq asosida (ya’ni, meros qilib qoldiriladigan yer uchastkasiga umrbod ega lik qilish tarzida) tegishli bo’ladi. Uy-joy bilan bog’liq barcha bitimlar (oldisotdi, hadya, «ayirboshlash, meros, ijara, garov) yozma shaklda tuzilishi, notarial guvoxlantirilishi va davlat ro’yxatidan o’tkazilishi lozim.