UYALI TELEFON
UYALI TELEFON, qo’l telefon — simsiz telefon turi. Har bir abonent (uyali telefon apparati) muayyan bir uyali telefon kompaniyasining telefon tarmog’idagi baza stansiyaga bog’lanadi. Har qaysi baza stansiyada «uyalar» bo’ladi (nomi shundan). Har bir uyaga bir necha kanal biriktirib qo’yiladi; tarmoqning katta-kichikligiga qarab uyalar soni har xil bo’ladi. Uyali telefon apparati qaysi kompaniya tarmog’ining baza stansiyasiga ulanganligiga qarab uning aloqa bog’lash doirasi chegarasi har xil bo’ladi. Ba’zi abonentlar faqat bir shahar doirasida aloqa bog’lay olsa, ba’zilari boshqa shaharlar va hatto boshqa mamlakatlar bilan ham aloqa bog’lay oladi. Butun yer kurrasini qamrab oladigan xizmat ko’rsatish zonasini faqat baza stansiyalar vazifasini sun’iy yo’ldoshlar bajaradigan Uyali telefon tarmog’ida yaratish mumkin. Uyali telefon tarmoqlarining barcha baza stansiyalari bir-birlari bilan o’zaro bog’langan bo’lishi, shu bilan birga umum foydalanadigan simli telefon tarmog’iga ulana olishi lozim. Shundagina qo’l (mobil) telefon apparati egasi muqim (simli) telefon apparati egasi bilan bog’lanishi mumkin. Bunga radiorele liniyalar yordamida, yo bo’lmasa, mis kabel yoki tolali optik telefon aloqa liniyalari yordamida erishiladi. Uyali telefon yordamida Abonent boshqa abonent bilan gaplashishdan tashqari, matnli va faksimil xabarlarni, Internet grafiklari va boshqalarni uzata oladi. Buning uchun Uyali telefon apparati ixcham ko’chma kompyuterga ulanadi. Telefonning tipiga qarab, maxsus modem yoki oddiy kabel (ichki dasturli modelini ulash uchun) talab qilinadi. Eng oddiy modeldagi Uyali telefon apparati ham haqiqiy mikrokompyuterdan iborat. Murakkab apparatlarda esa kompyuterlar bilan bajariladigan barcha operatsiyalarni bajarish (har xil o’yinlar o’ynash, suratga olish va uni saqlash, «telefon qilgan» boshqa abonentning raqamini qayd qilish, vaqtinchalik o’chirib qo’yish va boshqalar) mumkin. Dastlab 20-asr 80-yillarida qo’l telefon aloqa, asosan, analog texnologiyalarga asoslangan, keyinroq Uyali telefon da aloqa tizimi sof raqamli tizimga o’tgan. Yevropa mamlakatlarining deyarli har birida o’z milliy tarmog’i ishlab chiqilgan (masalan, Frantsiyada Radiocom 2000). Uyali telefonga doir xalqaro hamkorlik dastlab ko’chma radioaloqa tizimi masalalari bo’yicha nemisfrantsuz tadqiqotlari natijasi sifatida pochta va kommunikatsiyalar ma’muriy xodimlarining Yevropa konfederatsiyasi SERT (Conference des admi nistrations Europcennes des Postes et Telecommunications) rahbarligida tashkil etildi. 1982 yil bu institut 26 Yevropa mamlakatini, aniqrog’i pochta, telefon va telegraf aloqa RTT (Post, Telephone and Telegraph) ma’muriy muassasalarini birlashtirdi. Shu tariqa Yevropa konferentsiyasi «mobil aloqani ishlab chiqish bo’yicha maxsus guruh» (GSM) ni tuzdi. Keyinchalik u «mobil aloqa global tizimi» deb atala boshladi. Yevropa hududida bu tizim 1993 yil arafasida to’liq faoliyat ko’rsata boshladi. GSM tizimi boshidanoq xalqaro ko’lamdagi tizim sifatida ishlab chiqilgan. Barcha qitalardagi ko’p mamlakatlar unga qo’shilgan. Uyali telefon tizimi inson hayotining barcha sohalariga kirib keldi. GSM tarmoqlari abonentlarining soni dunyoda 200 million kishidan oshib ketdi (2005). O’zbekistonda ham bir necha Uyali telefon kompaniyalari faoliyat ko’rsatmoqda. Ular eng keng tarkalgan zamonaviy Uyali telefon aloqa standartlari — AMPS/ DAMPS, GSM, CD MA dan foydalanadi. Respublikada quyidagi bir necha Uyali telefon kompaniyalari faoliyat yuritadi: «O’zdunrobita» O’zbekiston — Amerika QK (1992 yil ishga tushgan; O’zbekistondagi 1000 dan ortiq shahar va aholi yashash punktlarini ishonchli Uyali telefon aloqasi b-n ta’minlagan); BUZTEL GSM (Bakri O’zbekiston telekom) kompaniyasini Indoneziyaning «bakri kommyunikeyshn» kompaniyasi 1996 yil ta’sis qilgan (eng arzon tarifli kompaniya); COSCOM kompaniyasi O’zbekiston — Amerika QK (1997 yil ishga tushgan; O’zbekistonda GSM tarmoqlari eng keng tarqalgan); «O’ZMAKOM» kompaniyasi (Malayziyaning «Superior Kommyunikeyshne» kompaniyasi va O’zbekiston Respublikasi ishtirokida 1996 yil tashkil qilingan; asosan, Toshkent shahri va unga yaqin hududlarga xizmat ko’rsatadi); Koreyaning «Daewoo Unitel» kompaniyasi (1997 yil ishga tushgan, O’zbekistonning barcha hududlariga xizmat ko’rsatadi), RWC (Rubicon Wireless Communications) O’zbekiston — Amerika qo’shma korxonasi (1997 yil ishga tushgan, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida xizmat ko’rsatish doiralarini borgan sari kengaytirib boradi). O’zbekistonda Uyali telefon xizmatiga ehtiyoj ko’payayotganligi uchun yana boshka yangiyangi kompaniyalar tuziladi.