UYURMA TOKLAR
UYURMA TOKLAR, Fuko toklari — o’zgaruvchan magnit maydonida harakatlanayotgan massiv metal o’tkazgichlarda hosil bo’ladigan yopiq elektr induktsion toklar. Uyurma toklar transformatorlarning o’zagida, elektr mashinalarning turli qismlari va boshqalarda hosil bo’ladi. Uyurma toklar magnit maydoni oqimining o’zgarishiga bog’liq. Oqim qancha tez o’zgarsa Uyurma toklar shuncha katta bo’ladi. O’tkazgichdan ma’lum yo’l bo’yicha o’tayotgan elektr tokidan farqli ravishda Uyurma toklar o’tkazgichning o’zida tutashadi va uyurma konturlar hosil qiladi. Bu tok konturlari ularni hosil qilgan magnit oqimiga ta’sir ko’rsatadi. Lents qoidasiga binoan, Uyurma toklar ning magnit maydoni shu tokni hosil qilgan magnit oqimining o’zgarishiga qarshilik ko’rsatadi. Joul — Lents qonunita muvofiq, Uyurma toklar hosil bo’lganda o’tkazgichlar qizib, energiyaning yo’qolishiga va oqibatda mashinalarning f.i.k. pasayishiga sabab bo’ladi. Bularni kamaytirish uchun o’zgaruvchan tokda ishlaydigan mashina va apparatlarning magnit o’zagini yaxlit ferromagnetiklar (Elektrotexnika po’lati) dan emas, balki birbiridan izolyasiyalangan (masalan, maxsus loklar bn) plastinalardan tayyorlanadi. Uyurma toklar metallarni eritish, ularning yuzasini toblash va boshqalarda qo’llanadi.