Vabo

Vabo (cholera) — ingichka ichakning zararlanishi, intoksikasiya, umumiy ahvolning og’irlashuvi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan o’tkir infektsion kasallik; o’ta xavfli ichak kasalliklaridan. Vabo dastlab (1816) Hindistonda — Gang daryosi vodiysida paydo bo’lgan; u yerda turmush sharoiti og’ir bo’lganligi uchun aholining bir qismi boshqa davlatlarga keta boshlaydi. Natijada Vabo Yevropaga, keyinchalik butun dunyoga, chunonchi birma (1819), Yava va Borneo orollari, Xitoy (1820), Eron (1821), Yaponiya hamda Rossiyaga (1822) tarqaladi. 1823— 1925 yillarda Rossiyada Vabo epidemiyasi 55 marta qayd qilingan. Turkiston o’lkasiga Vabo, asosan, Afg’oniston va Erondan o’tgan. Vaboning klassik Vabo va eltor Vabosi degan 2 turi bor. Shunga ko’ra, Vabo mikrobi (vibrion deb ataladi) klassik Vabo vibrioni va eltor vibrioni deb ataladigan ikki xilga ajratiladi. Klassik Vabo vibrionini 1883 yil R Kox, Eltor Vabo vibrionini esa 1906 yil Sinay yarim orolida Gotshlix topgan. Vabo vibrioni salgina bukilgan va ikki uchi yumaloqlangan tayoqcha bo’lib, bo’yi 1,5—4 MK va eni 0,2—0,4 MK. Vabo vibrioni daryo suvida 18 kundan 5 oygacha, muzda bir necha oy, ariqlarda bir necha kun, dengiz suvida ikki hafta, sovuq vaqtda najasda bir necha oy, axlat chuqurlarida 3 oygacha, ichki kiyimlarda 2 oy, qum tuproqda bir necha oy, suv havzalarida 15-30 kun, sut va yog’da bir oygacha, kartoshkada 2 haftagacha, ho’l mevada bir necha kungacha, pivoda 3 soatdan 5 kungacha tirik turadi. Dezinfektsiyalovchi moddalar vibrionni tez o’ldiradi. Suv qaynatilganda ham vibrion tez o’ladi. 1960 yilgacha bo’lib o’tgan Vabo epidemiyalarining deyarli hammasi (aniqroq aytganda 6 pandemiyasi) ga klassik Vabo vibrioni sabab bo’lgan. Klassik Vabo og’ir o’tib, bemor yotib qoladi, kasallik belgilari (tez-tez ich ketishi, qusish, shuning natijasida organizmning suvsizlanishi, shuningdek temperatura pasayishi, muskullarning tirishishi va intoksikasiyaning boshqa belgilari, yurak urishining susayishi va sh. k.) aksari ro’yirost ko’rinadi, shunga ko’ra kasallik Vabo boshlanishi bilanoq tez aniqlanganida, Vaboning tarqalishi cheklanadi. El-Tor Vabosi esa aksari yengil o’tadi. Vabo belgilari bo’lmagani holda vibrionlarni tashib yuradigan kishilar ko’proq uchraydi, shu bois el-tor Vabo sini aniqlash klassik Vaboni aniqlashga nisbatan qiyinroq, shuning uchun el- Tor Vabosining bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga o’tish va keng tarqalish imkoniyatlari katta. Vabo vibrioni bemorning axlati, qusug’i, ba’zan siydigi bilan tashqariga chiqadi. Vibrionlar tushgan suv va oziq-ovqatni iste’mol qilish natijasida Vabo yuqadi. Me’da shirasi vibrionlarni o’ldiradi, ammo suv ko’p ichilganda yoki me’da shirasi kamroq bo’lganda vibrion- lar me’dadan ingichka ichakka o’tib, ko’payadi. Vibrionlarni pashsha ham tarqatadi. Pashsha axlatga qo’nganda vibrionlarni qorniga va oyoqlariga ilashtirib olib, oziq-ovqatga va ichimlik suvga yuqtirishi mumkin. Bemorni parvarish qiluvchilar va vibrion tashuvchilar (organizmida Vabo vibrionlari bo’lsa-da, og’rimayotgan kishilar) ham kasallik tarqalishiga sabab bo’la oladi. Vabo yuvuqsiz qo’l, kir kiyim-bosh va parvarish buyumlari orqali ham yuqadi. Vabo vibrionlari tushgan suvni iste’mol qilish natijasida kelib chiqqan Vabo epidemiyalari qisqa vaqtda ko’p aholini kasallantiradi. El-Tor Vabosi asosan shu yo’l bilan tarqaladi (ayniqsa qishloq joylarda). Tabiiy sharoit (yozning juda issiq kelishi) va aholi migratsiyasi (dengiz bo’yidagi shaharlarga yozda ko’plab aholining dam olishga kelishi) sanitariya ahvoliga putur yetkazib, Vaboning tarqalishiga imkon beradi. Vaboning tipik (algid) formasi 2-3, ba’zan 5 kunlik inkubasion davrdan keyin o’ziga xos belgilar bilan boshlanadi: ich tez-tez va ko’p keladi, bemor qusadi, temperaturasi pasayadi (35-34° gacha), muskullari tirishadi, yurak urishi susayadi va hokazolar. Organizm suvsizlangani uchun bemorning ko’zlari kirtayadi, badani ko’karadi, terisi burishib qoladi, yopishqoq ter bosadi. Bemor shu ahvolda bir necha kun yotgach ich ketishi va qusish bosilib, sog’aya boshlaydi. Vaboning ich surmaydigan va qustirmaydigan og’ir («quruq») formasida bemor talvasaga tushib, o’ziga kelmay, bir necha soatda o’lib qoladi. Zamburug’, mishyakdan zaharlanish, shuningdek ovqatdan bo’ladigan toksikoinfektsiyalar ham ba’zan Vaboga o’xshab kechishini nazarda tutish lozim. Bemor, albatta, kasalxonada davolanadi. Oldini olish: chet ellardan Vabo o’tib qolmasligi uchun davlat chegaralarida sanitariya muhofazasi choralari ko’riladi, aholi yashaydigan joylarni, shuningdek oqova suvlarni tozalash, suv havzalarini sanitariya ahvolini himoya qilish, suv ta’minoti, oziq-ovqat va umumiy ovqatlanish korxonalari muntazam nazorat qilinadi, pashsha yo’qotiladi, sanitariya-gigiyena chora-tadbirlari kuchaytiriladi va hokazolar. Yuqorida ko’rsatilgan tadbirlardan tashqari, suv va oziq- ovqatni yuqumsizlantirish va shaxsiy gigienaning ahamiyati katta. Vabo vibrioni chidamsiz bo’lgani uchun suvni qaynatib, masalliqlarni obdon pishirib, ularni Vabo vibrionlaridan xalos qilish lozim. Vabo aniqlangan taqdirda Sog’liqni saqlash vazirligiga darhol xabar beriladi, bemor albatta kasalxonaga yotqiziladi, kasallik topilgan joyda dezinfektsiya, dezinsektsiya va karantin chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Bemorga yaqin yurgan kishilar 5 kunlik karantinga olinadi va tibbiy ko’rikdan o’tkaziladi. Jahon Sog’liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko’ra hozir vabo kasalligi o’chog’ida karantin qo’llanilmaydi. Davo organizmning suv-tuz maromini rostlash, qon, plazma, fiziologik eritma, Ringer eritmasi, trisol, disol, atsesol, xlosol, reomakrodeks va boshqa eritmalarni to’xtovsiz quyish, antibiotiklar berish, organizmning umumiy ahvolini yaxshilash choralarini ko’rishdan iborat. Jukov-Verejnikov N.N.,Musabaev I. K.,Zavyalova N. K., Klinika, lechenie i profilaktika xoleri, T., 1966. Shonosir Shovahobov.