Valyuta bozori
Valyuta bozori — talab va taklif asosida chet el valyutasi oldi-sotdi qilinadigan doira. Birja (O’zbekistonda 1992 yil iyun oyidan O’zbekiston Respublikasi valyuta birjasi ishlaydi) va birjadan tashqari (banklararo) Valyuta bozoriga bo’linadi. Shuningdek, Valyuta bozori valyuta xatarini sug’urtalash, valyuta zahiralarini diversifikasiyalash, valyuta sarflari bilan bog’liq turli tadbirlarni ham qamraydi. Xo’jalik hayotining baynalmilallashuvi natijasida yirik xalqaro Valyuta bozorlari AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Shveytsariya, Yaponiya, Singapur va boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritmoqda. Valyuta bozorida muomalalar valyutani naqd yetkazib berish (spot) bilan yoki valyutani kelishilgan vaqtdagi kurs bo’yicha ma’lum muddatda (1-3 oy va undan keyin) yetkazib berish (forvard) shaklida amalga oshiriladi. Aksariyat valyuta muomalalari AQSh dollarida olib boriladi. 1999 yil 1 yanvardan Yevropa mamlakatlarining umumiy pul birligi — yevro ham valyuta muomalalariga jalb etildi.