VALYUTA CHEKLASHLARI

VALYUTA CHEKLASHLARI — davlat tomonidan chet el valyutasi hamda valyuta boyliklari bilan bog’liq muomalalarda muayyan cheklashlarning joriy qilinishi. Valyuta cheklashlarining odatdagi ko’rinishi milliy valyutani chet el valyutasiga ayirboshlash, chet el valyutasini mamlakat hududiga olib kirish va olib chiqib ketish, banklarning valyuta operatsiyalari, banklarning vakillik hisob raqamlariga limitlar joriy etish kabilarda namoyon bo’ladi. Valyuta cheklashlari tadbirlari chet mamlakatlarga oltin va qimmatbaho qog’ozlar chiqarishni cheklash ko’rinishida amal qilib, mamlakat valyuta siyosatining xarakterli belgilaridan biri hisoblanadi hamda u to’lov balansining passivligi, oltin va boshqa valyuta rezervlarining kamayib ketganligi bilan bog’liq. Dastlab Valyuta cheklashlari ba‘zi davlatlarda (Yevropa davlatlari) birinchi jahon urushi davrida joriy etilgan va 1929 – 1933-yillardagi jahon iqtisodiy tangligi davrida, ayniqsa keng tus oldi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda faqat AQSH, Kanada, Shveysariya va Lotin Amerikasining bir necha davlatlaridagina valyuta muomalalari cheklanmagan edi. Hozirgi vaqtda deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarda Valyuta cheklashlari mutlaq olib tashlangan, Valyuta cheklashlari amal qilayotganlarida esa uning zaif ko’rinishi qolgan, xolos. Masalan, Buyuk Britaniyada Valyuta cheklashlari 1979-yildan buyon mutlaqo yo’q. Hozirgi paytda Xalqaro valyuta fondiga a‘zo 60 dan ortiq mamlakatlardagi ko’pgina operatsiyalarda Valyuta cheklashlari umuman qo’llanilmaydi. 1992-yilda Yevropa Ittifoqiga a‘zo mamlakatlar valyuta integratsiyasini takomillashtirish yo’nalishidagi kapitallar harakatida cheklovlar butunlay bekor qilindi. Hozirigi O’zbekistonda ham valyuta muomalalarini tartibga solishda xorijiy valyutani olib kirish, almashtirish, valyuta muomalalari va boshqalarda qisman Valyuta cheklashlari joriy qilingan.