VALYUTA SIYOSATI
VALYUTA SIYOSATI — davlatning mamlakat ichida va undan tashqarida valyutaga, valyuta kursita, valyuta operatsiyalariga ta‘sir ko’rsatish chora-tadbirlari; davlat iqtisodiy siyosatining va tashqi iqtisodiy faoliyatining tarkibiy qismi. Valyuta siyosatining asosiy dastaklari – valyuta intervensiyasi, valyuta cheklashlari, valyuta subsidiyasi, valyuta pariteti, valyuta rezervlari, devalvatsiya, revalvatsiya va boshqalardan tashkil topadi. Mamlakatda Valyuta siyosatini hukumat, markaziy bank, markaziy moliya muassasalari amalga oshiradi. Jahon miqyosida Valyuta siyosatini xalqaro valyuta – moliya tashkilotlari (Xalqaro valyuta fondi, xalqaro banklar) olib boradi. Uni amalga oshirish davriga ko’ra, joriy Valyuta siyosati va uzoq muddatli Valyuta siyosati kabi kurinishlari bor. Joriy Valyuta siyosatida valyuta bozori holati o’zgarishlari (kon‘yukturasi), deviz va diskont siyosati, valyuta zaxiralari yordamida tartibga solinadi va bu siyosat to’lov balansi tengligini ta‘minlashga xizmat qiladi. Uzoq muddatli Valyuta siyosati valyuta mexanizmi, valyutalar kursi va pariteti, xalqaro hisob-kitoblar tartibini o’zgartirish maqsadlarini ko’zlaydi.