Valyuta tizimi

Valyuta tizimi — valyuta harakati bilan bog’liq iqtisodiy va huquqiy munosabatlar majmui. Valyuta tizimi valyutalar, ulardan foydalanish va o’zaro almashinuv, to’lov vositasi sifatida qo’llanilishi, shuningdek valyutalarni ishlatish bilan bog’liq pul-kredit munosabatlarining qoida va tadbirlari majmuidan iborat. Shuningdek valyutalarni chiqarish va ularning muomalada bo’lishini tartibga soladigan organlar ham Valyuta tizimiga kiradi. Milliy, mintaqaviy (masalan, Yevropa), jahon Valyuta tizimilari mavjud. Valyuta tizimining asosiy vazifasi mamlakat ichida va mamlakatlararo pul hisob-kitoblarini ta’minlash uchun sharoit yaratishdir. Valyuta kursi tartiboti, valyuta cheklasharining bor yoki yo’qligi, xalqaro hisob-kitoblar shakli, valyutalarni o’zaro qaytarish shartlari, xalqaro valyuta va oltin bozorlari tartiboti, xalqaro valyuta-kredit tashkilotlarining huquqiy holati (masalan, Xalqaro valyuta fondi) kabilar Valyuta tizimining asosiy unsurlarini tashkil etadi. Dastlab milliy xo’jalik doirasida paydo bo’ldi. Jahon bozorining vujudga kelishi bilan jahon Valyuta tizimi ham shakllandi. 20-asr boshida jahon Valyuta tizimi o’z taraqqiyotining yuksak bosqichiga yetdi. Kapitalizmning umumiy inqirozi davrida jahon Valyuta tizimi ham inqirozga yuz burdi, oltin muomala va to’lov vositasi vazifasini yo’qotdi. Hozirgi xalqaro hisoblarning ko’pchiligi naqd pul ishtirokisiz, bank o’tkazmalari vositasida amalga oshirilsada, lekin oltin mamlakatlarning o’zaro pul oldi-berdisini va majburiyatlarini tartibga solib turuvchi so’nggi asosiy vosita hisoblanadi. Uning xazinadagi zahiralari esa valyutalar barqarorligi va ayrim mamlakatlar iqtisodiy imkoniyatlarining muhim ko’rsatkichidir. Xalqaro to’lov muomalalarida qog’oz valyutadan foydalaniladi. Bunda AQSh dollari, Germaniya markasi, Yaponiya ienasi, Frantsiya franki, Angliya funt sterlingi va boshqa valyutalarning salmog’i katta.