Vamberi (Vambery) Arminiy (German)

Vamberi (Vambery) Arminiy (German) (1832.19.3, Duna-Sierdaxeli — 1913.15.9, Pesht) — sharqshunos, tilshunos, sayyoh va yozuvchi. Vengriya Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1861). Peshtda xonadon o’qituvchisi bo’lgan (1852-56). Turkiya (Istanbul)da yashagan (1857-60). Vengriya Fanlar Akademiysi homiyligida Eron va Turkistonga sayohat (1863 yildan) qilgan. Vamberi darvesh (qalanlar) niqobi ostida Makkadan haj safaridan qaytayotgan mahalliy aholi guruhiga qo’shilib Mozandarondan Bolxon ko’rfaziga keladi, so’ng Turkmaniston orqali Xiva va Qo’ng’irotga o’tadi. Qizilqumdan o’tib Buxoro, Samarqand, Karki va boshqa shaharlarda bo’ladi. Orqaga Hirot, Mashhad, Tehron va Istanbul bo’ylab qaytadi. Vamberi tilshunoslik, adabiyotshunoslik, folklor, etnografiya, tarix va geografiyaga oid asarlar muallifi («nemischa-turkcha lug’at», 1858; «nemischa-chig’atoycha lug’at», 1860; «Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi», «mening hayotim», «Sharq hayoti va urf-odatlari ocherklari» va boshqalar). «Chig’atoy tili darsligi» (1867) asarida Vamberi turkiy xalqlar folkloriga oid 30 dan ortiq asar haqida ma’lumot bergan, ulardan parchalar keltirgan, shuningdek Navoiy, Fuzuliy, Nasimiy, So’fi Olloyor g’azallaridan olingan namunalarni va 112 ta o’zbek maqolini Arab va lotin yozuvida keltirib, nemischa tarjimada bergan. Turkiy va nemis tillarini qiyosiy o’rgangan. As: Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi, T., 1990.