Van

Van — Turkiyadagi shahar, Van elining ma’muriy markazi. Van ko’lining Janubiy-Sharqiy sohilida joylashgan. Aholisi 153 mingdan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Temir yo’l stantsiyasi. Qishloq xo’jalik rayoni markazi. Oziq-ovqat, tsement sanoati korxonalari bor. Miloddan avvalgi 9-6-asrlarda Van o’rnida Urartu davlatining poytaxti — Tushpa joylashgan edi. Miloddan avvalgi 6-4-asrlarda Tushpa Axomaniylar, 4-2- asrlarda esa Salavkiylar davlati tarkibiga kirgan. O’sha davrdan shahar Van deb atalgan. Miloddan avvalgi 1-asrda Van ancha katta va mashhur shahar bo’lgan. 364 yilda Sosoniylar shohi Shopur II ning qo’shinlari tomonidan vayron qilingan. 10-asrda vaspurakan podsholigi tarkibidagi yirik shaharga aylandi. Vanni 1022 yilda Vizantiya, 1071 yilda Saljuqiylar davlati sultoni Alp Arslon qo’shinlari, 14-asrning 2-yarmida Temur qo’shinlari egalladi. 17-asrdan turklar qo’liga o’tdi.