Vankel dvigateli

Vankel dvigateli – rotor-porshenli ichki yonuv dvigateli. F. Vankel (F. Wankel, Germaniya) 1957 yilda loyihalagan. Vankel dvigatelida ish sirti maxsus egri shakl (epitroxoida shakli) da yasalgan tsilindr ichida ko’pyoqli rotor (porshen) aylanadi. Rotorning Valiga mahkamlangan tishli g’ildirakning ichki tishlari qo’zg’almas shesternya bilan ilashgan. Rotor tishli g’ildirak bilan birgalikda shesternya atrofida dumalaydi. Shunda rotorning yoklari tsilindrning ichki epitroxoidasimon sirti bo’ylab sirpanib, hajmi o’zgaruvchi kameralar hosil qiladi. Jumladan, uch yoqli porshen tsilindr ichida qisish va kengayish (ish takti) kameralarini hosil qiladi. Qisish takti oxirida sham yordamida o’t oldiriladi, ish takti oxirida ishlangan gazlar chiqarib yuboriladi, so’rish takti boshlanadi. Vankel dvigatelida gaz taqsimlash mexanizmisiz to’rt taktli tsikl bajariladi. Yonuvchi aralashma tayyorlash, o’t oldirish, moylash, suv bilan sovitish, ishga tushirish ishlari oddiy ichki yonuv dvigatellarinikidan farq qilmaydi, lekin ulardan 2-3 marta yengil va ixcham bo’ladi. Shesternya va tishli g’ildirak radiuslarining nisbati r:R=2:l. Amalda uch yoqli Vankel dvigateli avtomobillar, qayiqlar va boshqalarga o’rnatiladi. Germaniya, Yaponiya va AQSh da ko’plab ishlab chiqariladi.