Vanuatu, Vanuatu Respublikasi
Vanuatu, Vanuatu Respublikasi (Ripablik blong Vanuatu) — Tinch okeanning Janubiy-g’arbiy qismida joylashgan Yangi Gebrid orollari (80 oroldan iborat) dagi davlat. Bu orollarning eng yiriklari Espiritu-Santo, Ambrim, malekula, Maevo, Efate. Maydoni 12 190 km2. Aholisi 189,6 ming kishi (1990-yillar oxiri). Poytaxti — Port-Vila shahri. Ma’muriy jihatdan 6 provintsiyaga bo’lingan. Davlat tuzumi. Vanuatu Respublikasi Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlikka kiradi. Amaldagi Konstitutsiya 1980 yil 30 iyulda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident. U parlament tomonidan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni bir palatali parlament amalga oshiradi. Parlament a’zolari aholi tomonidan 4 yil muddatga saylanadi. Ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Orollar yer yuzasi vulkan jinslaridan tuzilgan tog’lik (eng baland nuqtasi 1810 metr). 60 ga yaqin vulkandan 10 tasi harakatda. Orollardagi tog’lar orasida tekis yerlarda dehqonchilik qilinadi. Ko’pgina issiq buloqlar mavjud. Oltingugurt, marganes konlari bor. Iqlimi — nam, tropik. O’rtacha oylik temperaturasi 20-27°. Yiliga 1000 mm gacha yog’in yog’adi. Sershamol Sharqiy qiyaliklarda tropik o’rmonlar, g’arbda Irak o’rmon. Aholisi asosan melanezlar (95% ga yaqini). Inglizlar, mikronezlar, polinezlar, frantsuzlar va boshqalar ham yashaydi. Shaharlarda 18,4% aholi istiqomat qiladi. Rasmiy tili — ingliz va fransuz tillari; davlat tili — bislama tili. Dindorlarning aksariyati — xristianlar (aholining 90% i). Yirik shaharlari — Port-Vila, Luganvil. Tarixi. Vanuatuda bir necha ming yillardan beri odamlar yashaydi. Taxminan 4 ming yil avval yangi Gebrid arxipelagining shimoliy va Markaziy orollariga ko’chib kelgan kishilar shu yerda o’rnashib qoldi. Orollar portugaliyaliklar tomonidan 1606 yilda kashf etilgan. 1774 yilda orollar ingliz sayyohi J. Kuk tomonidan tadqiq etilgan va Yevropadagi Gebrid orollariga o’xshashligi uchun yangi Gebrid deb atalgan. 1906 yildan Buyuk Britaniya bilan Frantsiyaning mushtarak mustamlakasi bo’lgan. Mahalliy aholining ko’p yillik ozodlik kurashi natijasida Vanuatu 1980 yil 30 iyulda mustaqil deb e’lon qilindi. Vanuatu — 1981 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami -30 iyul — Mustaqillik kuni (1980). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Vanuatu leyboristlar partiyasi, 1986 yil tashkil etilgan; Vanuaku partiyasi, 1971 yil tuzilgan; Milliy demokratik partiya, 1986 yilda asos solingan; Melaneziya taraqqiyparvar partiyasi, 1988 yilda tuzilgan; Xalq demokratik partiyasi, 1994 yilda asos solingan; milliy Birlashgan partiya, 1991 yilda tashkil etilgan; yangi xalq partiyasi, 1986 yilda tuzilgan; Mo’tadil partiyalar Ittifoqi, 1980 yilda tuzilgan. Vanuatu kasaba uyushmalari kengashi, 5 tarmoq kasaba uyushmalarini birlashtiradi. Xo’jaligi. Iqtisodiyotining asosi — qishloq xo’jaligi. Mehnatga qobiliyatli aholining 70% qishloq xo’jaligi bilan band. Kokos palmasi, yams, kakao, shakarqamish, kofe, paxta ekiladi. Qoramol, qo’y, echki, parranda boqiladi, baliq ovlanadi. 1995 yil yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 13% ni tashkil etdi. Unda mehnatga qobiliyatli aholining 3,5% band bo’ldi. Qimmatbaho yog’och tayyorlanadi. Marganes qazib olinadi (Efate orolida). Shuningdek, neft, oltin, mis zahiralari bor. Qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi, to’qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. 80-yillarning oxiridan qurilish avj oldi. Sayyohlik rivojlangan; yiliga o’rtacha 45 mingga yaqin sayyoh kelib ketadi. Vanuatuda temir yo’l yo’q. Avtomobil yo’llari uzunligi-1,1 ming kilometr. Asosiy dengiz porti va xalqaro aeroporti Port-Vila shahri. Shuningdek, Luganvil, Palikoulo va Santu dengiz portlari ham bor. Vanuatu chetga kopra, marganes rudasi, baliq, go’sht, kofe, kakao, yog’och chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, tamaki, kimyoviy mahsulotlar, dastgoh va transport jihozlari oladi. Tashqi savdodagi mijozlari — Yaponiya, Avstraliya, yangi Zelandiya, Frantsiya, Yangi Kaledoniya, Fiji, Niderlandiya. Pul birligi — vatu. Madaniyati. Vanuatuda «Vanuatu uikli» (ingliz, frantsuz va bislama tillarida, 1980 yildan), «Treyding post» («savdo pochtasi», ingliz tilida) haftalik gazetalari chiqadi. 1987 yildan Paknyus mintaqaviy axborot agentligi mavjud. Vanuatuda «Vanuatu teleradioeshittirish korporasiyasp» faoliyat ko’rsatadi. Vanuatu radiosi 1966 yildan (ingliz, frantsuz va bislama tillarida) ishlaydi. Vanuatu maktablarida ta’lim ingliz va frantsuz tillarida olib boriladi. O’qish bepul. Boshlangich maktabga bolalar 6 yoshdan qabul qilinadi. 6 yoshdan 11 yoshgacha bo’lgan bolalarning 85% ga yaqini davlat boshlang’ich maktablariga boradi. Bu maktablarning soni 270 dan ortiq. O’rta maktablarga bolalar 12 yoshdan qabul qilinadi; unda o’qish muddati 7 yil. O’rta maktablarda 4269 o’quvchi o’qiydi. Davlat maktablaridan tashqari, xususiy va missionerlik maktablari ham bor. Boshlang’ich maktab o’qituvchilarini pedagogika kollejlari tayyorlaydi. 1989 yil mayda Port-Vila shahrida Janubiy-Tinch okeani universitetining filiali ochilgan. Port-Vila shahrida shuningdek, madaniy markaz hamda uning muzeyi va kutubxonasi bor.