Varrak

Varrak — shamolda uchiriladigan o’yinchoq. Sirtiga shamol bosimi ta’sir etishi natijasida havoga ko’tariladi. Asosiy qismlari: qamishlarga tarang tortilgan mato yoki Xitoy qog’oz (aerodinamik sirt), chillakka (g’altakka) o’ralgan ip, Varrakni ipga ulaydigan nizomlar, Varrakni osmonda muallaq tutib turadigan shokildalar yoki dum. Varraklar turli shakllarda yasaladi. Shakliga ko’ra, Varrak besh Qamishli (oddiy), ikki Qamishli (laylaki), sirtlarining shakli bo’yicha bir tekislikli hamda ko’p tekislikli (ajdarsimon) va boshqalar, shokildalari turiga ko’ra ikki, uch, qator shokildali va dumli xillarga bo’linadi. Katta-kichikligiga ko’ra oddiy va katta (quroq) Varraklar bo’ladi. Oddiy besh Qamishli Varrakni yasashda qog’oz yoki mato to’g’ri to’rtburchak shaklda bichiladi. Qamishlar bir xil yo’g’onlikda yo’niladi va bichilgan Xitoy qog’ozga yelim bilan avval o’rtamak, keyin boshamak 2, belamak 3, shoxamak 4 lar yopishtiriladi. So’ngra belamakka tumorcha, shoxamaklariga quloqlar va shokildalar yopishtiriladi. Bir oz vaqt quritilgandan so’ng boshamak va bslamaklar ip bilan egib bog’lanadi. Shamolda ovoz chiqarib turishi uchun boshamakka dardirak yopishtiriladi. Nizomlar o’tkazilib, ipga bog’lanadi. Laylaki Varrakni yasashda kvadrat shakldagi mato yoki qog’ozga avval diagonali bo’yicha o’rtamak yopishtiriladi. So’ngra ikkinchi diagonali bo’yicha qamishni egib yopishtiriladi. Nizomning bir uchi o’rtamak bilan egilgan qamish tutashgan joyga, ikkinchi uchi esa o’rtamakning egilgan qamish uchlaridan o’tgan chiziq bilan tutashgan joyga bog’lanadi. Varrak Aerodinamik sirtining simmetrikligi buzilgan bo’lsa, besh qamishlisida shoxamaklarning pastki uchlariga ip bog’lanib, ipning o’rta qismiga, laylakida esa o’rtamakka dum bog’lanadi. Varrakning quroq deb ataladigan turi katta bo’lib, qalin qog’oz yoki yupqa matoga sambittol, behi yog’ochi, reykani yelim bilan yopishtirib yasaladi. Varrak qadimdan ma’lum bo’lib, ayniqsa Xitoyda juda taraqqiy etgan. 19-asr oxiri—20-asr boshlarida Varrakdan atmosferaning yuqori qatlamlarini tekshirishda, joylarni suratga olishda va sport maqsadlarida foydalanishgan. Aviatsiya, uchish apparatlarining rivojlanishi bilan Varrakdan faqat sport va o’yin maqsadlarida foydalaniladi.