Vassarg’a
Vassarg’a — o’rta hamda kechpishar xuraki va vinobop uzum navi. Xalq selektsiyasi yo’li bilan O’zbekistonda chiqarilgan. Oq va qora Vassarg’a xillari bor. Tupi o’rtacha kuchli o’sadi. Guli ikki jinsli. Bargi katta (16-18 santimetr), besh bo’lakli, kam kertikli, arra tishli. Oq Vassarg’aning uzum boshlari o’rtacha (bo’yi 13— 20 santimetr, eni 6-10 santimetr), tsilindr-konussimon, o’rtacha tig’iz. Og’irligi 250 gramm. G’ujumi o’rtacha (17-19 mm), dumaloq, ba’zan tuxumsimon, sarg’ish, qarsillaydi, po’sti yupqa. Avgust o’rtalarida pishadi. Tarkibida qand 21-23% ga boradi. Hosildorligi 100-120 ts/ga. Qora Vassarg’aning uzum boshlari katta (19-24 santimetr), konussimon, o’rtacha tig’iz, og’irligi 300-400 gramm. G’ujumi o’rtacha, dumaloq, qora, po’sti qalin, sent.ning ikkinchi yarmida etiladi. Tarkibida 22-23% qand bor. Hosildorligi 140-160 ts/ga. Qora Vassarg’adan 1936 yildan «Vassarg’a» qizil desert vino ishlab chiqariladi. Oq Vassarg’a Samarqand, Buxoro, Toshkent, Farg’ona viloyatlarida, qora Vassarg’a Qashqadaryo viloyatida ko’p ekiladi.