Vatikanning ahamiyati nimada?
Hatto «Vatikan» so’zi qanday ma’no anglatishini yaxshi bilmaydigan kishilar ham uning katolik cherkovining markazi ekanligini bilsalar kerak. Bu yerda Iso Masihning katolik cherkovi o’zining birinchi Rim episkopi deb hisoblaydigan o’n ikki havoriylaridan biri sharafiga shunday nom olgan dongdor Ayo Petr ibodatxonasi joylashgan. Vatikanda, shuningdek, Sakstin kapellasiga ega Havoriylar saroyi joylashgan bo’lib, unda XV asrdan e’tiboran katolik cherkovning peshvolari — Rim papalari saylanadi. 1870 yildan esa Rim papalari nafaqat Vatikanda saylanishadi, qolaversa bu makondan butun katolik dunyosiga rahnamolik qilish asnosida shu yerda yashashadi ham. Boshqa bir fakt ham bag’oyat maroqlidir. Vatikan, garchi Italiya poytaxti Rim shahrining kindigida joylashgan bo’lsa-da, o’z hukumati, vazirlari, diplomatiya xizmatlariga va hokazolarga ega o’z ishida mutlaqo mustaqil davlat hisoblanadi. Tag’in uni hududi 44 gektarga teng bo’lgan «shahar-davlat» deb ham atashadi. 1500-yillarning boshlarida Papa Yuliy II ajoyib me’mor Bramantega Vatikan saroyini Papa hokimiyati ulug’vorligining ramziga aylanadigan qilib kengaytirishni topshiradi. Bu, chindan ham Vatikanni Yevropadagi eng katta hurmat qarorgohiga aylantirishga xizmat qiladigan muhtasham loyiha edi. Amaliy ma’noda esa Papa saroyining ixtiyorida zarur makonni tezroq egallab olish imkoniyati yuzaga chiqqandi. Bramante papalik xizmatlarini sig’dira oladigan ikkita keng galereyani loyihalashtirdi (endilikda Vatikan muzeylari). Galereyalar o’rtasida o’nta pasayib boruvchi peshayvonlarga ajratilgan va teatrlashtirilgan dengiz janglari yoki ho’kiz so’qishtirish singari turli tomoshalar o’tkazish uchun tabiiy sahnani shakllantiruvchi keng makon qolgandi. Bramantening mumtoz shakllarga moyilligi turli darajalarda ustunlarga suyantirilgan aylanma zinapoyada ayniqsa ortadi, bu esa ularning Kolizeyga nisbatan joylashishiga mos kelar edi. Ziyoratchi bu zinapoya orqali Papa Yuliy II davri me’moriy durdonalarining Mahdi ulyosi bo’lmish haykallar kollektsiyasi uchun ombor ahamiyatiga molik antik haykallar hovli-dargohiga ko’tarilar edi. Apollon Beldeverskiy ham, Lakoon va boshqalari ham shu yerda o’rnatilgan. Mazkur yaxlit me’moriy ansambl, shubhasiz, imperiya parchalangan zamonlardan beri Rimda bunyod etilgan imoratlar orasida eng ulug’vori edi. Qurilish ko’lami Yuliy II antik Rimning ulug’vor me’morchiligiga taqlid qilishga qay darajada intilgani borasida xulosa va hukm chiqarishga imkon beradi. Papaning niyaticha, aynan shu yo’sinda yangi nasroniy imperiyasini antik davrdagisi o’rnida qayta tiklashning munazzam ramzini yaratmoqning yo’li ochilgan bo’lur edi.