Leon Battista Alberti kim?

Florentsiyalik gumanist Leon Battista Alberti (1404-1472) mumtoz madaniyatining keng tarqalishi yo’lida chamasi hammadan ko’ra ko’proq ish qilgan. Uning me’morchilik to’g’risidagi risola-traktati ma’lum ma’noda qadimgi Rim me’morlari asarlari bilan bellasha olar edi. Asar lotinchada bitilgan va ma’rifatli elita-akobirlarga mansub buyurtmachilarga mo’ljallangandi; unda hokimiyat salohiyatini yaratish uchun nihoyatda muhim bo’lgan mumtoz me’morchilikning mavqe-ahamiyati asoslab berilgandi. Bu risola Albertini o’z davrining eng buyuk me’moriy bilimdoni rutbasiga ko’tardi. Qator kalisolarni qayta ta’mirlash Albertiga topshirilganida u binolar arxitekturasida quyidagi mumtoz namunalardan oshkora foydalandi: fasadning triumfial arkdan ko’chirilgan tuzilmasi; qadimgi Rim qoidalariga rioya etgan holda u arklarning yukini pilyastrlarga, arxitravlarnikini esa ustunlarga tashlaydi. Ammo butparastlik me’morchiligi nasroniylik qonun-qoidalariga hech qachon to’g’ri kelmasdi, shu sababli har bir kelgan odamga bu bino nasroniy kalisosi ekanligini eslatib qo’yish maqsadida har bir tarkibiy-kompozit kapitelni xeruvumlar bezab turadigan bo’ldi. Alberti Mantuyeda qurgan ikki kaliso — San Sebastyano va Sant Andrea o’z muhtashamligi bobida antik Rimning mumtoz imoratlariga yaqin turadi. Kalisolarning fasadlari triumfial arkni eslatadi, frantoni esa yunon butxonalarining frantonini yodga soladi. Ushbu kalisolar me’morchiligida Alberti tashqi ko’rinish va ichki bezalishning birligi to’g’risidagi shaxsiy nazariyasini asoslaydi, bu esa o’rta asrlardagi fasadni mustaqil konstruktsiya sifatida loyihalashtirish odatidan dadil voz kechishni anglatar edi.