Vazniy (og’irlik) analiz
Vazniy (og’irlik) analiz -miqdoriy analiz usullaridan biri; kimyoviy birikma tarkibidagi ayrim elementlar yoki ionlar miqdorini og’irlik o’lchovlari bilan ifodalash. Analitik tarozi Vazniy (og’irlik) analizning asosiy o’lchov asbobidir. Vazniy (og’irlik) analizda aniqlanayotgan moddaning ma’lum miqdori analitik tarozida tortilib, eritiladi. Keyin aniqlanayotgan komponent eritmadan tegishli reaktiv yordamida cho’kmaga tushiriladi va eritmadan ajratib olingach, quritib yoki qizdirib ma’lum tarkibdagi turg’un birikma hosil qilinadi. Aniqlanayotgan moddaning dori foiz (prosent) bilan hisoblab topiladi. Vazniy (og’irlik) analizda asosiy ish — aniqlanuvchi moddani kam eruvchan modda (yoki oddiy modda) — cho’kmaga o’tkazishdir. Cho’kmalar ko’pincha sulfid, fosfat, karbonat yoki metallar gidroksidlari yoki metallning organik reagentlar (kupferon, oksixinolin va boshqalar) bilan hosil qilgan kompleks tuzlari holida bo’lishi mumkin. Elektr vazniy analiz ham Vazniy (og’irlik) analizning bir turidir. Bu usulda elementlar eritmada elektroliz yo’li bilan ajratib olinib, tortiladi. Vazniy (og’irlik) analizning yangi usullaridan biri termogravimetriya usulidir. Undan moddalarning termik barqarorligini o’rganishda hamda ularda yuqori haroratlarda ro’y beradigan o’zgarishlarni aniqlashda foydalaniladi. Bunda moddalar maxsus termotarozilarda tortiladi. Temperatura ortishi bilan tekshirilayotgan moddaning og’irligi o’zgaradi. Vazniy (og’irlik) analiz tog’ jinslari va minerallarning kimyoviy tarkibini, sanoatning turli sohalarida kimyoviy mahsulotlar sifatini aniqlashda qo’llaniladi.