Vedalar
Vedalar (sanskritcha Veda — bilim)— Hindiston yozma adabiyotining qadimgi yodgorligi. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning oxiri — 1-ming yillikning boshida yaratilib, Vedalar to’plamlari deb nomlanadi. Bu madaniy yodgorlikdan bizgacha 4 ta qism (Samhita): «Rigveda» (qasida, madhiya, duolar to’plami), «Samaveda» (qo’shiqlar to’plami), Ayurveda yoki Yajurveda (qurbonlik qilish yo’llari), Atharvaveda (sehrli duolar to’plami) etib kelgan. Veda adabiyoti bir necha ming yillar davomida shakllanib, qadimgi hindlar tarixidagi turli jamiyatlarning diniy-falsafiy, estetik taraqqiyot darajalarini ifodalaydi. Vedalar ichida eng qadimgisi «Rigveda» hisoblanadi. U 10 kitob (Mandala) dan iborat. Bunda tabiatdagi narsa va hodisalar (osmon o’zgarishi, quyosh, yulduzlar, momaqaldiroq, shamol, yomg’ir, tog’lar, daryolar) ilohiy kuchlar sifatida gavdalantirilib, ular sharafiga qo’shiqlar, madhiyalar to’qilgan, ularga qurbonliklar keltirilgan. Insoniyat hayoti, uning baxt-saodati ana shu kuchlarga bog’liq holda tasavvur qilingan, «Rigveda»ga ko’ra, Indra — momaqaldiroq ilohi, Mitra — Quyosh tangrisi, Varuna — osmon ma’budi, Agni — Olov ma’budi, Yama — ajal, o’lim keltiruvchi, sama — oy ma’budasi, Rita — Koinot tartibini anglatadi. «Rigveda» qo’shiqlarini to’plovchilar rishi (ilohiy qo’shiqlarni to’quvchi donishmand)lar deb atalgan. Beruniy «Hindiston» asarida yozishicha, inson bo’la turib, ilmlari sababli farishtalardan afzal va ortiq bo’lgan hikmatshunoslar rishilar, deb atalganlar. Shuning uchun farishtalar rishilardan foydalandilar, chunki rishilar bilim egasidirlar. Rishilardan yuksakda faqat Barohim turadi. «Rigveda» kitobida qadimgi dunyo falsafiy tafakkurining o’ziga xos badiiy ifodasi ko’rinadi. Unda qadimgi hindlar olam sirlari haqida fikr yuritadi. Masalan, hech narsaga tayanmagan va yopishtirilmagan Quyosh nega qulab tushmaydi? Kechasi Quyosh qayoqqa ketadi, u qayerda? Shamol qayerda tug’ilib, qayerga boradi? Olamning asosini nima (yoki nimalar) tashkil etadi? Vedalarda bu va boshqa ko’plab bunday muammolar ko’tarilgan. Sharq faylasuflari to’rt unsur — suv, olov, havo, tuproqni barcha mavjudotlarning asosi deb bilganlar. Bu jihatdan Veda falsafasi Arastu zamonidagi, keyinroq Forobiy zamonidagi falsafiy tafakkurga ta’sir etgan. Vedalar adabiyoti Vedalardan tashqari brahmanlar, aranyakalar va upanishadlardan iborat. Qadimgi Hindistonda Varna (kasta)chilik jamiyati vujudga kelganida brahmanlar adabiyoti rivojlangan. Brahmanlarda samhitalardagi kohinlarning diniy marosimlari sharhlab beriladi. «Aranyakalar» (aynan «o’rmon Kitobi») jamiyatdagi jabr-zulmdan, g’arazli, tuban, mol-dunyoga o’ch odamlardan o’rmonlarga qochib, yolg’izlikda yashaganlarga bag’ishlangan. Upanishad (maxfiy ta’limot)lar asosan falsafiy-diniy risolalardir. Upanishadlarda falsafiy masalalar ancha keng yoritilgan bo’lib, hindlar tangrisi Brahma (Beruniyda — Barohim) borliqning ibtidosi va intihosi, barcha mavjudotlarning asosi, deb ulug’lanadi. Upanishadlarga ko’ra, moddiy olam, shu jumladan, inson ham Atma-Brahmadan paydo bo’lgan va o’shanga qaytadi. Bu fikr islomdagi — sufiylar (Ibn Arabiy, Mansur Halloj va boshqalar)ning butun borliq Allohning tajalliysi, jamoli, yaxshi, pok insonlar haq visoliga yetishib, u bilan qo’shilib ketadi, degan fikrlariga uyg’undir. Upanishadlarda aytilishicha, inson bunga erishish uchun muayyan axloqiy mezonlarga, karma va dxarma ta’limotiga rioya qilishi kerak. Upanishadlarga ko’ra, har bir inson o’zidagi ilohiy dxarmalarga muvofiq yashaydi. Agar inson bu dunyodagi hayotida pokiza, ezgu niyatlar bilan yashasa, qaytadan dunyoga kelishda yana inson bo’lib keladi. Aksincha bo’lsa, odam tuban, hayvoniy ishlar qilsa, keyingi kelishida joni hayvonga ko’chadi. Beruniy «Hindiston» asarida yozishicha: shu tabaqalar (brahmanlar, kshatriy-harbiylar, vayshya — dehqonlar, chorvadorlar, shudra — quyi tabaqa vakillari)dan kimning xalos bo’lishga tayyor va loyiq ekani haqida hindlarning fikri turlichadir. Ba’zi vedashunoslar brahmanlar va kshatriydan boshqalar qutulish (najot)ga Qobil emas, chunki Vedalarni o’rganishga faqat ular haqli xolos, deydilar. Ansoriddin Ibrohimov.