Venerik kasalliklar
Venerik kasalliklar, Tanosil kasalliklari, zuhroviy kasalliklar — jinsiy yo’l bilan yuqadigan zaxm, so’zak, yumshoq shankr, trixomonoz, mikoplazmoz, xlamidioz, chov limfogranulematozi, jinsiy a’zolar sohasi uchug’i, shuningdek orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS)ning umumiy nomi. Venerik kasalliklar juda qadimdan ma’lum. Gippokrat, Tsels, Galen va boshqalar asarlarida ham Venerik kasalliklar haqida ma’lumotlar bor. Kam rivojlangan mamlakatlarda aholining og’ir ahvolda yashashi, ishsizlik, ba’zi ayollarning hech qayerda ishlamay fohishalik bilan shug’ullanishi, erkaklarning moddiy qiyinchilik tufayli duch kelgan ayollar bilan jinsiy aloqada bo’lishi, alkogolizm, giyohvandlik va boshqalar. Venerik kasalliklarning tarqalishi va ko’payishiga zamin yaratadi. Venerik kasalliklar (ayniqsa zaxm, so’zak va xlamidioz) keng tarqalishi mumkin. Ular kishilar sog’lig’iga putur yetkazishdan tashqari, jamiyat uchun ham xavflidir. Venerik kasalliklar vaqtida davolanmasa yoki noto’g’ri davolansa kasallik surunkali tus olib, bemor uzoq vaqtgacha ish qobiliyatini yo’qotadi, ko’pincha nogiron bo’lib qoladi. So’zak bo’lgan erkak yoki ayol uzil-kesil davolanmasa, jinsiy zaif, umrbod bepusht bo’lib qolishi mumkin. Venerik kasalliklar bilan og’rigan bemorlarning ichki a’zolari va markaziy nerv sistemasi izdan chiqadi. Zaxm bo’lgan ayol homilador bo’lib, o’z vaqtida davolanmasa, bola yo o’lik yoki zaxm bilan kasallanib, mayib-majruh bo’lib tug’iladi (tug’ma zaxm). Venerik kasalliklar bilan og’rigan bemor o’z vaqtida teri-tanosil kasalliklari dispanseriga murojaat qilib, mutaxassis vrach ko’rsatmasi bo’yicha davolansa, albatta, tuzalib ketishi mumkin. Sayoq yurish, ichkilikka ruju qilish, tasodifiy jinsiy aloqalarga yo’l qo’yish Venerik kasalliklarning ko’payishiga sabab bo’ladi. O’zbekiston Respublikasida Venerik kasalliklarga qarshi kurashish uchun maxsus dispanserlar va boshqa davolash-profilaktika muassasalari mavjud. Ular kasallikni yuqtirganlarni qidirib topib, davolanishga majbur qiladilar, bu bilan Venerik kasalliklarning boshqalarga yuqish xavfining oldi olinadi. Venerik kasalliklarning oldini olishda homilador ayollar, bolalar muassasalari, oziq-ovqat sohasi xodimlarining belgilangan muddatda vrach ko’rigidan o’tib turishlari muhim. Aholi orasida Venerik kasalliklarning yomon oqibatlari, uning oldini olish va davolatish zarurligi to’g’risida tushuntirish ishlarini olib borish zarur. Bemor o’zida venerik kasallik borligini bila turib boshqalar bilan jinsiy aloqa qilib, kasallikni yuqtirsa O’zbekiston Respublikasi jinoyat qonunlari kodeksiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortiladi.