Veterinariya instituti
Veterinariya instituti, Akademik K. I. Skryabin nomidagi O’zbekiston veterinariya ilmiy tadqiqot instituti (O’zVITI) — Markaziy Osiyodagi yirik ilmiy tadqiqot muassasasi. Samarqand viloyatining Toyloq qishlog’ida joylashgan (1959 yildan). Dastlab Turkiston Yer ishlari xalq komissarligi veterinariya boshqarmasi qoshidagi o’lka veterinariya-bakteriologiya laboratoriya tarzida 1924 yilda Toshkentda tashkil etilgan. 1926 yilda veterinariya-bakteriologiya institutiga aylantirildi. 1934 yildan hozirgi nomda. 1978 yilda K. I. Skryabin nomi berilgan. Institut ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo’nalishlari: chorva mollari o’rtasida tarkalgan yuqumli, invasion va yuqumsiz kasalliklarini o’rganish va ularga qarshi kurash, turli vaktsinalar va davolash preparatlari yaratish, O’zbekistonning issiq iqlim sharoitida chorvachilikni rivojlantirish uchun muhim veterinariya-sanitariya tadbirlarini ishlab chiqish va boshqalar iborat. Institutda 17 laboratoriya, Qarshi va Navoiy tayanch punktlari, xo’jalik hisobidagi ishlab chiqarish bo’limi bor (2000). Respublika veterinariya xizmati institut ilmiy ishlanmalari asosida mamlaktimiz hududida qoramollarning o’lat va plevropnevmoniya, otlarda yuqumli pnevmoniya, manqa, yuqumli entsefalomielit, plevropnevmoniya kabi chorvachilikka juda katta ziyon keltiradigan kasalliklarni butunlay yo’qotishga erishdi. Hayvonlarning kuydirgi, qorason, quturish, sarg’ayma, qo’tir, chechak va b. yuqumli kasalliklaridan keladigan zarar ta’siri kamaytirildi. Chorva mollaridagi brusellyoz (R. G. Yarayev, N. X. Shevchenko, M. S. Obidjonov, R. A. Ismatova), tuberkulyoz (G. V. Ni, M. A. Ro’zimurodov), quturish (N. M. Mamatov), teylorioz (I. X. Rasulov), bradzot (A. A. Volkova), echkilar plevropnevmoniyasi (F. D. Lukashenko), tsenuroz va exinokokkoz (M. A. Aminjonov), kolisalmonellyoz va pasterellyoz (I. D. Burluskiy, A. K. Siddiqov, R. U. Bulxanov, A. Abdusattorov, T. B. To’raqulov, I. V. Ryasnyanskiy, J. Parmonov), parrandalar kolibakteriozi (O. Hoshimov, F. Niyozov) kasalliklariga qarshi yangi samarali vaktsinalar, Leykoz diagnostikumi (X. S. Salimov, M. K. Bugaev), piroplazmidozlarning oldini olish va davolashda diamidin (A. G’ofurov, T. X. Rahimov), gelmintozlarga qarshi ta’siri keng bo’lgan atsetomizol (A. O. Oripov) kabi preparatlar yaratildi va ulardan amaliyotda samarali foydalanilmoqda. Institut faoliyati I. X. Irgashev, N. M. Matchonov, F. Ibodullayev, A. Ro’zimurodov, T. Boymurodov, M. Aminjonov, X. Salimov, A. Oripov, U. Ya. Uzoqov, G. S. Po’latov, N. X. Enilleyeva kabi olimlar nomi bilan bog’liq. Institut yuqori malakali ilmiy mutaxassislar yetishtiruvchi markaz hisoblanadi. Institutda 85 ilmiy xodim, shu jumladan 12 fan Doktori, 32 fan nomzodi ishlaydi. Institutda aspirantura va doktorantura bor. Ilmiy asarlar, monografiyalar, uslubiy ko’rsatmalar, yo’riqnomalar, qo’llanmalar, tavsiyalar va boshqa nashr etadi.