Veterinariya-sanitariya ekspertizasi
Veterinariya-sanitariya ekspertizasi — 1) hayvonot mahsulotlarini sanitariya-gigiena jihatidan baholash usullarini o’rganadigan fan. Veterinariya-sanitariya ekspertizasining asosiy vazifasi — hayvonlardan olinadigan, oziq-ovqat (go’sht, sut, baliq, tuxum), ozuqa-yem, xom ashyo (teri, jun, momiq, patlar) mahsulotlari orqali qo’zg’atuvchilari odamlarga yuqadigan kasalliklarning oldini olishdan iborat. Mustaqil fan tarmog’i sifatida 20-asrda shakllandi. Undan ilgari go’shtshunoslik va ovqatlanish gigienasi fanlari tarkibida o’rganilar edi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasi mustaqil kafedralarga ega bo’lgan veterinariya institutlari va veterinariya fakultetlarida o’qitiladi, tibbiyot institutlarida ovqatlanish gigienasi kursiga kiradi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasi bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari tegishli oliy o’quv yurtlari kafedralarida, ilmiy tadqiqot institutlarining maxsus laboratoriyalarida olib boriladi. 2) hayvonot mahsulotlarining iste’mol talablariga javob berishini aniqlaydigan veterinariya mutaxassislarining amaliy faoliyati sohasi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasining asosiy vazifasi odamlarni sifati buzilgan chorvachilik mahsulotlari orqali kasallanishdan asrash, hayvonlarni so’yishgacha, so’yishda va so’yishdan keyin mahsulotlarni qayta ishlashda sanitariya qoidalariga rioya qilish, nimtalanmagan go’sht va boshqa a’zolarini tekshirish, go’sht, sut, baliq mahsulotlarining iste’molga yaroqliligini aniqlash va boshqalardan iborat. Go’sht sanoati korxonalarida, parrandachilik fabrikalari, sovuqxona, baza, omborlar, dehqon bozorlari, laboratoriyalarda Veterinariya-sanitariya ekspertizasini veterinariya vrachlari, veterinariya uchastkalari va kushxonalarda veterinariya feldsherlari o’tkazadi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasining to’g’ri o’tkazilishini davlat veterinariya inspektsiyalari nazorat qiladi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasi yaroqsiz deb topgan mahsulotlarni iste’molga chiqarish mumkin emas. O’zbekistonda 246 Veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi ishlaydi.