Via, vokal-instrumental ansambl
Via, vokal-instrumental ansambl — musiqiy estrada jamoasi. Ishtirokchilari o’zlari chalayotgan soz (asosan elektrogitara)lar jo’rligida kuylashadi. 1960-yillarda chet elrok-musiqasi ta’sirida (sobiq Ittifoq Respublikalarida) tashkil topgan. Dastlab yoshlar musiqa havaskorligi shaklida (o’quv yurtlarida, madaniyat uylarida), keyinchalik professional, sahnaviy musiqa ijrochiligi tarzida rivojlangan. Repertuaridan yoshlar hayoti mavzuidagi qo’shiq va ashulalar, kompozitorlarning estrada asarlari, qayta ishlangan xalq qo’shiqlari o’rin olgan. «Pesnyari» (Belorussiya), «Veselie rebyata» (Moskva), «Dos-Mukasan» (Olmaota), O’zbekistonda — «Yalla» (1971), «Navo» (1976), «Sado» (1981) kabi Vialar mashhur.