Viko (Vico) Jambattista

Viko (Vico) Jambattista (1668.23.6-Neapol -1744.23.1) — italiyalik faylasuf. 1698 yildan Neapol universitetida professor. Xalqlar tarixi va psixologiyasi falsafasi asoschisi. Platon va F. Bekonga alohida ixlos bilan qaragan. Dekart bilan bahs-munozaraga kirishib, shaxs zakovatiga umuminsoniy aqlni qarama- qarshi qo’ygan. Tarixiy jarayon ob’yektiv tarzda kechishi g’oyasini ilgari surgan. Biz faqat qilayotgan ish-larimiznigina bilishimiz mumkin, degan fikrdan kelib chiqib, tarix fanini insoniyatning o’z xatti-harakatlari to’g’risidagi bilimi deb hisoblagan. Viko barcha millatlarning aylanma harakat yo’sinida taraqqiy etishi nazariyasini ishlab chiqqan. Har bir xalq o’z taraqqiyotida 3 davr — Xudolar (davlat bo’lmagan holat, kohinlarga bo’ysunish), qahramonlar (aristokratik davlat) va insoniyat (demokratik Respublika yoki vakolatli monarxiya) davrini boshidan kechiradi; bu bamisoli inson hayotining bolalik, o’spirinlik va yetuklik davrlariga o’xshaydi. Har bir davr jamiyatning yalpi tanazzuli va parchalanib ketishi bilan tugaydi. Davrlar ijtimoiy to’ntarishlar natijasida almashinadi. Asosiy asari: «millatlarning umumiy tabiati haqidagi yangi fanning asoslari» (1725).