Viktoriya

Viktoriya — Avstraliya Ittifoqining Janubi-sharqidagi shtat. Maydoni 227,6 ming km2. Aholisi 4,5 million kishi (1993). Ma’muriy markazi — Melburn shahri. Janubda balandligi 1986 metrgacha bo’lgan Avstraliya Alp tog’lari va sohil bo’yida kambar unumdor Gipslend tekisligi bor. Shimoli-g’arbini Murrey daryosining allyuvial tekisligi egallagan. Iqlimi dengiz bo’yida subtropik va yumshoq, Melburnda yanvarning o’rtacha temperaturasi 20″, iyulniki 9″. Yillik yog’in 600— 1000 mm, tog’ tizmalarining Janubiy yon bag’rida 2000 mm. Tog’li qismlari asosan evkalipt o’rmonlari bilan qoplangan. Shimolga tomon o’rmonlar siyraklashib, butazorlar, so’ngra quruq dasht boshlanadi. Viktoriyaning maydoni kichik bo’lsa ham (mamlakat hududining 3%), iqtisodiy jihatdan rivojlangan shtat. Viktoriyada mamlakat aholisining 1/4 qismi, ekin maydonining 1/5 qismi joylashgan va u sanoat mahsuloti qiymatining 1/3 ni beradi. Asosiy sanoat tarmoqlari: metallsozlik va mashinasozlik. Kimyo (mineral o’g’itlar), neftni qayta ishlash, samolyotsozlik, to’qimachilik, harbiy sanoat rivojlangan; jun gazlama va poyabzal korxonalari bor. Asosiy sanoat markazi — Melburn shahri. Qo’ng’ir ko’mir (Yallurnda), neft (Leyks-Entransda), oltin (bedingo va Ballaratda) qazib chiqariladi. Qishloq xo’jalik yuksak darajada rivojlangan. Bug’doy, arpa, suli ekiladi; bog’va tokzorlar ko’p, vino tayyorlanadi. Chorvachiligi ko’p tarmoqli, asosan sut, go’sht-jun yetkazib berishga ixtisoslashgan. Temir yo’l va avtomobil yo’llari ko’p. Asosiy portlari — Melburn va Jilong. Melburnda universitetlar va institutlar bor. Viktoriya 1907 yilda tashkil etilgan.