Vilyams, Bon Kretyan Vilyame, Bertlet

Vilyams, Bon Kretyan Vilyame, Bertlet — serhosil o’rtapishar nok navi. 1796 yilda Angliyada tasodifiy topilgan ko’chatdan chiqarilgan. O’rta Osiyo, Rossiyaning Janubiy, Ukraina, ZakavKazye va boshqa joylarda rayonlashtirilgan. Daraxti o’rtacha kattalikda (25-30 yoshida balandligi 6,5 metr, shox shabba kengligi 6,5 metrga yetadi), serbarg, novdalari yo’g’on, och sariq. Barglari yirik, gullari o’rtacha. Mevasi yirik, cho’ziqroq. Sirti g’adir-budir, po’sti yupqa, mayda nuqtalari bor, sarg’ish-qizil tovlanadi. Eti oq, mazali, shirali, hushbo’y, shirin, muloyim. Tarkibida 10,4% qand, 16,6% quruq modda, 0,33% kislota bor. Urug’lari mayda. Ko’chati ekilganidan so’ng 4-5-yili hosilga kiradi. Kuchli o’sadigan payvandtagda yaxshi rivojlanib mo’l hosil beradi. Aprel boshida gullaydi, avgust ikkinchi yarmida pishadi. Har yili hosil beradi. Hosildorligi yuqori, bir tupi 185 kilogramm gacha meva beradi. Bu nok yangiligida iste’mol qilinadi, qoqi solinadi (qoqisining sifati yuqori). Yozgi noklarning jahon andozasi (standart nav) hisoblanadi va boshqa navlar uchun etalon bo’lib xizmat qiladi. O’zbekistonning barcha hududlarida ekish uchun (garmsel esadigan mintaqalardan tashqari) tavsiya qilingan.