Vinnisa viloyati
Vinnisa viloyati – Ukraina tarkibidagi viloyat. 1932 yil 27 Fevralda tuzilgan. Maydoni 26,5 ming km2. Aholisi 194,6 ming kishi (1999), 25 tumanga bo’lingan, 10 shahar, 29 shaharcha bor. Janubda Moldaviya Respublikasi bilan chegaradosh. Markazi — Vinnisa shahri. Viloyat hududining aksari qismi Podoliya va Dnepr bo’yi qirlarida joylashgan. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 4, -6″, iyulniki 18,8—20,5°. Yiliga 500— 550 mm yog’in yog’adi. Vegetatsiya davri 200 kun. Vinnisa viloyatidan Janub Bug, Dnepr oqib o’tadi. Tuprog’i asosan qoratuproq va sur tuproq. Hududining 12,6% o’rmon. Elik, bo’ri, tulki, o’rmon suvsari, Olmaxon, quyon, kemiruvchilar, Daryo qirg’oqdarida Qunduz, o’rdak, g’oz yashaydi. Asosiy aholisi — ukrainlar (92% ga yaqin); shuningdek rus, yahudiy, polyak va boshqalar ham yashaydi. Vinnisa viloyati Ukrainaning asosiy qand lavlagi ekiladigan va shakarqand sanoati rivojlangan rayonlaridan biri. Sanoati qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. 40 ga yaqin shakarqand zavodi, 10 dan ziyod spirt zavodi, yirik konserva zavodlari va kombinatlari ishlab turibdi. Go’sht va sut sanoati katta o’rin egallaydi. Mashinasozlik va metallsozlik sanoati korxonalarida asosan qishloq xo’jalik va oziq-ovqat sanoatlari uchun mashina va uskunalar ishlab chiqariladi. Qurilish materiallari sanoati mahalliy kaolin (Gluxovesk), granit va b. qazilmalarni ishlaydi. Vinnisada fosfat o’g’iti kombinati bor. Poyabzal, tikuvchilik fabrikalari ishlab turibdi. Qishloq xo’jalik lavlagikorlik-g’allachilik hamda go’sht-sut chorvachiligiga ixtisoslashgan. G’alla ekinlaridan kuzgi bug’doy, don-dukkaklilar, makkajo’xori ekiladi. Shuningdek suli, tariq, grechixa, kungaboqar, kartoshka, tamaki, yem-xashak ekinlaridan beda, yo’ng’ichka yetishtiriladi. Bog’dorchilik va Dnestr daryosi bo’yida tokchilik rivojlangan. Chorvachilikda sut-go’sht qoramolchiligi va cho’chqachilik yetakchi o’rinda. Parrandachilik, hovuz baliqchiligi va asalarichilik rivojlangan. Temir yo’l uzunligi qariyb 1200 kilometr. Muhim temir yo’l yo’nalishlari: Kiyev — Odessa, Kiyev — Lvov. Xo’jalik yuklarining asosiy qismi temir yo’l va avtomobil transportida tashiladi. Janubiy Bug va Dnestr daryolarida kema qatnaydi. Vinnisada aeroport bor.