«VIR»
«VIR» — vinobop uzum navi. Hozirgi O’zbekiston o’simlikshunoslik institutida Tavkveri navi bilan Ptibushe navini chatishtirib chiqarilgan. Tupi kuchli o’sadi. Guli ikki jinsli. Bargi o’rtacha (bo’yi 13-15 santimetr, eni 12-13 santimetr), to’garak, chuqur kertikli, besh bo’lakli, yuzi silliq. Cheti arra tishli. Orqasida tuklari bor. Uzum boshi o’rtacha (bo’yi 13-15 santimetr, eni 8-10 santimetr), tsilindrsimon, o’rtacha tig’iz, og’irligi 160-180 gramm. G’ujumi o’rtacha, dumaloq, qora, sershira, etidan olcha ta’mi keladi, po’sti yupqa. Avgust oxiri — sentabr boshida pishadi, tarkibidagi qand 24-26%. Hosildorligi 250-300 ts/ga. Bu navdan yuqori sifatli desert vinolar tayyorlanadi. Toshkent va Samarqand viloyatlarida tarqalgan.