Viskoza

Viskoza (lotincha viscosus — yopishqoq), tsellyuloza ksantogenati — tsellyulozani o’yuvchi natriy (NaOH) eritmasi va uglerod sulfid bilan ishlab olinadigan modda. Toza Viskoza och sariq, goho qo’ng’ir va to’q yashil rangda bo’ladi. Viskoza eritmasining zichligi 20°da 1120 kg/m3. Tarkibi: 7-10% tsellyuloza ksantogenati, 5,7% o’yuvchi natriy, 82-85% suv. 1 kilogramm tola olish uchun 12— 14 kilogramm Viskoza eritmasi sarflanadi. Viskoza olish uchun tsellyuloza ksantogenati ishqor eritmasiga qo’shib aralashtirilgach, sovitiladi va filtrlab bir oz vakuumda saqlanadi. Bunda uning tarkibidagi havo pufakchalari chiqib ketadi. Viskozadan olinadigan tolalarning xossasini yaxshilash uchun unga pigmentlar, bo’yoqlar, karbonatlar va boshqa birikmalar qo’shiladi. Viskozaga sirt faol moddalar (aminlar, aminofenol va polietilen-oksid)ning qo’shilishi undan tola hosil bo’lishini osonlashtiradi. Viskozadan sun’iy ipak, gazlama, plyonka va boshqa ishlab chiqarishda foydalaniladi.