Visla
Visla — Polshadagi eng katta daryo. Uzunligi 1047 kilometr, havzasining maydoni 198,5 ming km2. G’arbiy Karpat (Sileziya Beskidi) tog’laridan boshlanib, Boltiq dengizining Gdansk qo’ltig’iga Delta hosil qilib quyiladi. Yirik irmoqlari: o’ngdan — Dunaes, Visloka, San, G’arbiy bug’ va boshqalar; chapdan — pilisa, Brda. Visla boshlangan joyidan 40 kilometrgacha tog’ orasidan, Pshemsha bilan qo’shilgach tekislikdan oqadi; yozda Karpat tog’lariga yoqqan jalalar natijasida toshadi. O’rtacha yillik suv sarfi 1090 m3/sek. Visla Polshaning muhim transport magistrali. Quyilish joyidan Pshemsha irmog’i qo’shilgan joygacha 940 kilometr masofada kema qatnaydi. Visla kanallar orqali Neman, Dnepr, Odra daryolari bilan qo’shilgan. Visla bo’yida Varshava, Krakov, Plosk, Torun shaharlari, deltasida Gdansk shahri joylashgan.