Vizantiya

Vizantiya (Vizantiya imperiyasi) — Rim imperiyasi parchalangach, uning iqtisodiy jihatdan rivojlangan Sharqiy qismida vujudga kelgan davlat (4-15-asrlar). Eng ravnaq topgan davrida uning tarkibiga Bolqon yarim orolining katta qismi, kichik Osiyo, Suriya, Falastin, Misr, Kirenaika, Mesopotamiyaning bir qismi, G’arbiy Armaniston va Gruziya, Xersones, Kipr va Krit orollari kirgan. Poytaxti — Konstantinopol shahri bo’lgan. Mamlakatning nomi Bosfor sohilidagi yunon polney — Vizantiyizm olingan. Aholisi — yunonlar, Suryoniylar, qibtiylar, armanlar, gruzinlar va boshqalar. Davlat tili 4-6-asrlarda lotin tili, keyinchalik yunon tili bo’lgan. Hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanish darajasi, shahar turmushining jo’shqinligi jihatidan o’sha davrda Vizantiya G’arbiy Yevropa mamlakatlaridan ancha ilgarilab ketgan edi. Arabiston, Qora dengiz bo’yi, Eron, Hindiston, Xitoy bilan savdo-sotiq bir oz ko’paydi. Vizantiya geografik jihatdan qulay joylashganligi tufayli Sharq bilan G’arb o’rtasida madaniy-iqtisodiy aloqalarning kuchayishiga sabab bo’ldi, siyosiy va harbiy markazga aylandi. Imperator Yustinian I hukmronligi davri (527-565)da ma’muriy va huquqiy islohotlar o’tkazildi, Markaziy davlat mustahkamlandi, kuchli armiya vujudga keltirildi. Bu esa Yustinianga 533-534 yillarda shimoliy Afrikadagi vandallar davlatini, 555 yilda Italiyadagi ostgotlar qirolligini, Janubiy-Sharqiy Ispaniyani bosib olish imkonini berdi. 6-asrning so’nggi o’n yilligi va 7-asr boshlarida ichki tanazzul va tashqi siyosatda muvaffaqiyatsizliklar ro’y berdi. Armiyada g’alayon boshlandi, keng xalq ommasi unga qo’shildi. 6-asr oxiri —7-asr boshlarida Vizantiya hududining anchagina qismini slavyanlar ishg’ol etdi. 7-asrning 70-yillarida Vizantiyaning shimoliy- g’arbiy chegarasida qadimgi bulg’orlar davlati — Bolgariya barpo bo’ldi. 636-642 yillarda arablar Vizantiyadan Suriya, Falastin, Yuqori Mesopotamiya va Misrni, 693— 698 yillarda shimoliy Afrikadagi yerlarni tortib oldi. Italiyadagi langobardlar Vizantiya hududining anchagina qismini bosib oldi. 8-9-asrlarda Vizantiya hududiga slavyanlar ko’chib kelishi munosabati bilan ulardagi hukmron jamoa munosabatlari ta’sirida erkin qishloq jamoalari mustahkamlandi. Biroq 10-asrda yirik yer egaligi kuchayib, Vizantiya shaharlari 7-9-asrlardagi tanazzuldan so’ng yana qad rostladi, savdo-hunarmandchilik uyushmalari vujudga keldi, davlat ularning faoliyatini qo’llab-quvvatladi. 10-asr o’rtalarida Vizantiya arablardan yuqori mesopotamiyani, kichik Osiyo va Suriyaning bir qismini, Krit va Kipr orollarini qaytarib oldi. Armaniston va Gruziyada Vizantiyaning ta’siri kuchaydi. Vizantiya G’arbiy Bolgar podsholigini bosib oldi (1018). 13- asr boshlaridan ichki tarqoqlik avj oldi, Markaziy hokimiyat inqirozga yuz tutdi, chet ellik istilochilarning xuruji kuchaydi. Salib yurishi qatnashchilari Vizantiya hududining bir qismini bosib olib, Lotin imperiyasita asos soldilar. Shu bilan birga Vizantiya yerlarida mustaqil yunon davlatlari: Nikey, Trapezund imperiyalari, Epir davlati paydo bo’ldi. 1261 yilda nikey imperatori Mixail VIII Paleolog Vizantiya imperiyasini qayta tikladi. Paleologlar sulolasi (1261-1453) qaror topdi. Biroq Vizantiya o’zining qadimgi qudratini tiklay olmadi. 1453 yilda Konstantinopol Usmonli turklar tasarrufiga o’tgan. 15-asrning 60-yillari boshida Vizantiya imperiyasi barham topdi, uning hududi Usmonli turk imperiyasi tarkibiga kirdi. Vizantiya Rim, yunon va ellinizm an’analari ta’sirida vujudga kelgan o’ziga xos madaniyat markazi bo’lgan edi. Maorifi. Vizantiyada antik davr ta’limi an’analari saqlanib qoldi va 12-asrgacha maorif Yevropaning boshqa joylariga qaraganda yuqori saviyada edi. Boshlang’ich ta’lim (o’qish va yozishni o’rgatish) xususiy maktablarda 2-3 yil davomida amalga oshirilgan. 7-asrgacha o’quv dasturi majusiy dinlar afsonalariga, keyinroq Bibliya kitoblariga asoslangan. O’rta ma’lumot grammatika o’qituvchisi rahbarligida olingan. Dasturga orfografiya (imlo kridalari), grammatika normalari, talaffuz, she’r yozish qoidalari, notiqlik san’ati, shuningdek hujjatlar tuzish uslubiyati kiritilgan. Falsafa ham o’quv darslari jumlasiga kirgan. Ayrim maktablar dasturida tarix darsi ham bo’lgan. Vizantiyada monastir maktablari ham bor edi. 4-6-asrlarda qadimgi davrdan qolgan oliy maktablar (Afrika, Iskandariya, Bayrut, Antioxiya, G’azo, Falastin Kesariyasida) o’z faoliyatini davom ettirdi. 425 yil Konstantinopolda barpo etilgan oliy maktab (auditoriy) boshqa oliy maktablarni siqib chiqardi. Konstantinopol auditoriysi davlat muassasasi, uning prof.lari davlat xizmatchilari hisoblanar, poytaxtda dars berish faqat ularga ruxsat etilgan. 9-asr o’rtalariga kelib, Magnavr oliy maktabi ishlay boshladi. Bu maktab oliy dunyoviy amaldor va din peshvolarini tayyorlar edi. 11-asr o’rtalarida Konstantinopolda yuridik va falsafiy maktablar davlat muassasasi sifatida ochildi. 12-asrda oliy maktabda tibbiyot fani ham o’qitila boshladi. 1204 yildan keyin Vizantiyada oliy maktab tugatildi. Monastirlar huzuridagi maktablar davlat maktablarini tobora siqib chiqaraverdi. Bunday maktablar, odatda, muallimning vafotidan keyin yoki u quvg’inga uchragach, yopilib qolardi. Vizantiyaning qadimgi kutubxonalari ilk davrdan nari o’tmadi. Iskandariya kutubxonasi 391 yilda vayron etildi. Konstantinopol kutubxonasi (356 yilda asos solingan) 475 yilgi yonginda kuyib ketdi. Keyingi davr kutubxonalari haqidagi ma’lumotlar kam bo’lsa ham, imperator, Patriarx, monastirlar kutubxonalari, oliy maktablarning va xususiy shaxslarning kutubxonalari bo’lganligi ma’lum. Texnikasi. Vizantiyaga antik davr qishloq xo’jalik texnikasi (ho’kizga qo’shiladigan omoch va pichan yiqqich, sun’iy sug’orish tizimi) hamda hunarmandchiligi meros bo’lib qolgan. Bu hol Vizantiyaning dehqonchilik, zargarlik, shoyi to’qish, hashamatli inshootlar qurish, kemasozlik (9-asrdan boshlab qiyalama yelkandan foydalanilgan) va boshqa sohalarda 12-asrgacha Yevropada ilg’or davlat bo’lib qolishiga imkon berdi; 9-asrdan boshlab sirkor keramika, shisha tayyorlash (qadimgi usullar bo’yicha) rasm bo’ldi. Biroq, vizantiyaliklarning ota meros an’analarini saqlab qolishga intilishi texnika taraqqiyotiga ozmi-ko’pmi to’sqinlik qildi. 12-asrdan boshlab Vizantiya hunarmandchiligining G’arbiy Yevropa hunarmandchiligi (shishasozlik, kemasozlik va hokazolar)dan orqada qolishiga sabab bo’ldi. 14-15-asrlarga kelib esa, Vizantiya to’qimachiligi italyan to’qimachiligi bilan raqobat qila olmay qoldi. Matematika va tabiiy fanlar. Vizantiyada matematikaning jamoatchilik o’rtasidagi nufuzi o’rta asrlarning asosiy fanlari hisoblangan falsafa va notiqlik san’atiga nisbatan juda past bo’lgan. 4-6-asrlardagi Vizantiya matematiklari asosan qadimgi allomalarning asarlarini sharhlash bilan mashg’ul bo’lishgan: Feon (4-asr) Evklid va Ptolemey asarlarini chop qildirgan va sharhlagan, Ioann Filopon (6-asr) Aristotelning tabiatshunoslikka doir ilmiy asarlarini sharhlagan, Evtokiy Askalon (6-asr) esa Arximedning shunday ishlarini sharhlash bilan shug’ullangan. Ba’zi masalalarda Vizantiya fani antik davr faniga nisbatan bir oz ilgari siljidi: Ioann Filopon jismlarning tushish tezligi ularning og’irligiga bog’liq emas, degan xulosaga keldi; Ayo Sofiya ibodatxonasini qurib mashhur bo’lgan me’mor va muhandis trallik Anfiliy o’t oldiruvchi ko’zgular ishiga doir yangi talqinini taklif qildi. 9-asrga kelib tabiiy fanlar borasida bir oz yuksalish kuzatildi. Ixtirochi Lev matematik birinchi marta harflardan algebraik timsollar sifatida foydalandi. Ma’lumotlarga ko’ra, 12-asrda Arab raqamlarini joriy qilishga urinish bo’lgan bo’lsa kerak. So’nggi Vizantiya matematiklari Sharq faniga juda qiziqishgan. Trapezund olimlari (Grigoriy Xioniad, 13-asr uning izdoshlari Grigoriy Xrisokokk va Isaak Argir, 14-asr) Arab va fors matematikasi va astronomiyasini o’rganishgan. Sharq fani merosining o’rganilishi Feodor Melitinnotaning «uch kitobdagi astronomiya» (1361) majmua asarining yaratilishiga yordam berdi. Kosmologiya sohasida Vizantiyaliklar an’anaviy tasavvurlarga rioya qilishgan. Ulardan ba’zilari Bibliyada keltirilgan dunyoqarashlarga ishongan bo’lsa, boshqalari yerning sharsimonligi haqidagi ta’limot Bibliyaga zid emas, deb hisoblaganlar. Ilmi nujum inson taqdirini osmon yoritqichlarining harakati bilan bog’langani uchun pravoslav ilohiyotchilari tomonidan qattiq tanqid qilindi va ta’qibga duchor bo’ldi. 14-asrda Nikifor Grigora taqvim (kalendar) ni isloh qilishni taklif etdi, quyosh tutilishini oldindan aytib berdi. Bu taklif va bashoratlar astronomiya kuzatuvlari bilan bevosita bog’liq bo’lgan. Vizantiyada geografiyaning boshlanishiga feM(viloyat)lar, shaharlar, episkop boshliq ma’muriy birliklarning rasmiy tavsiflari asos bo’ldi. Taxminan 535 yilda Ierokl 64 feM va 912 shaharning tavsifini o’z ichiga olgan «Sinekdem» to’plamini tuzdi. Bu to’plam keying davrlarda yozilgan geografik asarlar uchun zamin bo’ldi. 10-asrda Konstantin Bagryaiorodniy Vizantiya feMlari tavsifini o’z davri an’analari asosida tuzib chiqdi. Shu bois uning asaridagi ko’p ma’lumotlar o’sha davrdagi mavjud ma’lumotlarga gshd. Savdogarlar, ziyoratchilarning sayohat tavsiflari ham o’sha geografik adabiyotlar toifasiga mansub. 4-asrda yozilgan muallifi noma’lum sayohatnomada O’rta dengiz batafsil bayon qilingan, portlar orasidagi masofalar ko’rsatilgan, muayyan joyda ishlab chiqarilgan tovarlar haqida gapirilgan va hokazolar. Quyidagilarning sayohat tavsiflari saqlangan: savdogar Kosma Indikoplovning (6-asr) «Xristian topografiyasi» asari (bunda umumkosmologik tasavvurlardan tashqari bevosita kuzatuv taassurotlari, Arabiston, Afrika va boshqa joylardagi turli mamlakatlar va xalqlar haqida aniq ma’lumotlar mavjud), Ioann Fokning (12-asr) Falastinga, Andrey Livadinning (14-asr) Falastin va Misrga, Kanan Laskarisning (14-asr oxiri yoki 15-asr boshi) Germaniya, Skandinaviya va Islandiyaga sayohatlari tavsiflari. Vizantiyaliklar geografik xaritalar tuzishni ham bilganlar. Tibbiyoti. Vizantiyada rivojlangan tibbiyot mavjud bo’lgan. 4-asrda pergamlik shifokor Oribasiy tibbiy entsiklopediya yaratgan, shifokor Nikshba jarroxlik bo’yicha darslik yozgan. Konstantinopolda maxsus jarrohlik va ayollar kasalliklari bo’limlari bo’lgan kasalxonalar tashkil etilgan, ularning huzurida tibbiyot bilim yurtlari ochilgan. Simeon Sif ovqatning xossalari haqida kitob yozgan (11-asr). Nikolay Mireps farmakopeyaga oid qo’llanma tuzgan (13-asr). Ioann Aktuariy tibbiyotga doir asarlarida o’zining amaliy mushohadalarini bayon etgan. Falsafasi imperiya qaror topishi va xristianlik tarqalishi tufayli (6-7- asrlardan) paydo bo’la boshladi. Uning taraqqiyotida rasmiy cherkov aqidalari bilan dunyoviy fan, falsafiy fikr vakillarining qarashlari o’rtasidagi kurashning ta’siri bor. Yunon cherkovining peshvolari Prokopiy (465-525), Vizantiyalik Leontiy (475-543), Ioann damaskin bu falsafaning o’tmishdoshlari bo’lganlar. Vizantiya falsafasi asosan Platon — Aristotel g’oyalari hamda asarlarini tushuntirish va tarqatishdan iborat edi; u «Kutubxona» to’plami (857 yilgacha) ning muallifi Fotiy (820-891)dan boshlanib, Mixail Psell (1018-78) va Nikifor Vlemmid (1272 yil vafot etgan) ijodida o’zining yuksak cho’qqisiga chiqdi. Keyin Italiyada Uyg’onish davrida qayta rivojlandi. Bunda Vizantiya Vissarion (1403— 72), trapezundlik Georgiy (1396-1484) va boshqalarning xizmati kattadir. Vizantiya falsafasidagi irrasional oqim Simeon (1025— 92) mistikasi va Nikolay Kavasila (14- asr) g’oyalarida namoyon bo’ldi. Vizantiya falsafasi o’rta asr sxolastikasi, Italiya Uyg’onish davri va slavyan mamlakatlari, Gruziya, Armanistondagi falsafiy fikrning rivojlanishiga katta ta’sir o’tkazdi. Vizantiyada tarix fani bir muncha rivojlangan. Kesariylik Evseviy qadimgi zamonlardan milodiy 324 yilgacha bo’lgan dunyo tarixini, jumladan, shimoliy Qora dengiz bo’yining tarixini bayon etishga harakat qilib ko’rdi. Kesariylik Prokopiy va Agafiy imperator Yustinian davridagi Vizantiya tarixini yoritdilar. 6— 10-asrlarda jahon tarixi voqeanavisligi Ioann Malala, Feofan Ispovednik, Feofilakt Simokatta, Georgiy Amartol kabi tarixchilarning asosiy tarixiy janrlari bo’ldi. 11-12-asr o’rtalarida vizantiyalik tarixchilar (Lev Diakon, Nikita Xoniat va boshqalar) o’zlari shohid bo’lgan voqealarni qalamga olishga intildilar. 13-asrdan Vizantiya tarix fani inqirozga yuz tutdi. Huquqshunosligi. Vizantiya madaniyatiga xos an’anaviylik va izchillik Vizantiya huquqshunosligida ayniqsa yaqqol ko’zga tashlanadi. Rim huquqini muntazam tartibga solish, fuqarolik huquqi majmualarini tuzish bilan Vizantiya huquqshunosligiga asos solindi. Ulardan eng muhimi Corpus juris civilis («kanonik huquq majmuasi»)dir (6-asr)- Vizantiya huquqshunosligi ayni shu majmuaga tayandi, huquqshunoslar vazifasi asosan shu majmuani talqin qilish va qayta bayon etishdan iborat bo’lib qoldi. 6-7- asrlarda Corpus juris civilis qisman lotin tilidan yunon tiliga tarjima qilindi. Mazkur tarjimalar Vasiliki Qurama to’plamining asosini tashkil etadi, undan ko’pincha hoshiyalardagi izohlari bilan birga qayta-qayta nusxa ko’chirildi. Vasilikilarga ilova tarzida xilma-xil ma’lumotnoma — qo’llanmalar, shu jumladan «sinopsislar» tuzilgan, ularda maqolalar huquqqa oid ayrim masalalar bo’yicha alifbo tartibida joylashtirilgan. Vizantiya huquqshunosligida Rim huquqidan tashqari cherkov soborlarining qaror (qoida)lariga asoslangan cherkov fatvolari huquqi ham o’rganilgan. Konstantinopolda oliy huquq maktabi tashkil etilgach, 11-asrda sud qarorlari to’plami — «pir» («Tajriba»)da Konstantinopol sudining tajribasi umumlashtirildi. 12-asrda Vizantiya huquqshunoslari (Zonara, Aristin, Valsamon) cherkov soborlari qoidalari talqin etilgan bir necha kitob chiqarib, unda cherkov fatvolari huquqi bilan Rim huquqini muvofiqlashtirishga urinishdi. Vizantiyada notariat ham tashkil qilingan, 13-14-asrlarda ayrim feMlarning mahkamalari hujjatlar uchun mahalliy xizmat daftarchalari tuzib chiqqan. Adabiyoti. Vizantiya Adabiyoti o’ziga xosligi, yangi shakl va janrlarning boyligi bilan ajralib turadi. Uning tarixi 3 asosiy davrga bo’linadi. Birinchi davrda (4-6-asrlar) u antik adabiyot an’analarini davom ettirdi, ayni vaqtda unga xristian dini mafkurasi ta’sir o’tkazdi (shoirlar Nonna, 4-5-asrlar, Agafiy, Pavel Silentsiariy, 6-asr). Avliyo-anbiyolar qissasi (agiografiya) ni yaratish avj oldi. Ikkinchi davrda (7-9-asrlar) Cherkov ta’sirida diniy adabiyot ustunlik qila boshladi (kritli Andrey, Ioann Damaskin, Feodor Studit). Shoirlardan Kassiya, Ioann grammatik, Ignatiy, Patriarx Fotiy dunyoviy asarlar yozishdi. Xalq ijodiyoti rivojlandi. Oxirgi, uchinchi davrda (10-15-asrlar) diniy, dunyoviy, badiiy va ilmiy adabiyotning turli janrlari rivojlandi. Imperator Konstantin VII Bagryanorodniy, Svida, Simeon Metafrasiy va boshqalar shu davrning eng taniqli yozuvchilaridir. Mixail Asell, mitilenlik Xristofor (11-asr), Manuil Olobol, Manuil Fil (13— 14-asrlar) saroy adabiyoti vakillaridir. Bu davrda hajviya keng ommalashgan (12-asr). Me’morligi. Vizantiya me’morligining rivojlangan davri 6-asrga to’g’ri keladi. Bu davrda Konstantinopol jahondagi yirik shaharlardan biri hisoblangan. Shahar atrofi mustahkam qal’a devorlari bilan o’ralib, xandaqlar qazilgan (5-asrning 1-yarmi). Shahar markazi (Agustion maydonida qadimgi Rim me’morligi ta’sirida zafar toki (Ark) lari, forumlar, cherkov binolari, imperator saroyi, Otchopar, akveduklar qurilgan. Vizantiya me’morlik maktabida «plinfa» (yassi keng g’isht) ko’p qo’llanilgan. Ibodatxona qurilishida bazilika uslubidan foydalanilgan. Keyinchalik bu uslub qo’shni mamlakatlar me’morligiga ta’sir qilgan. Ibodatxonalar tashqi ko’rinishi qo’pol va og’ir bo’lib, ichki ko’rinishi esa, aksincha, o’ta hashamdor bo’lgan (salonikidagi Avliyo Dmitriy bazilikasi, 5-asr; Avliyo Georgiy rotondasi, 4-asr oxirida qayta qurilgan). Konstantinopoldagi Ayo Sofiya ibodatxonasi (532— 537) yuksak mahorat bilan qurilgan mahobatli inshoot bo’lib, gumbazining diametri 31,4 metr, balandligi 55 metrdir. Turar joy binolari asosan ko’p qavatli, bosh tarzi ravoqli qilib qurilgan, pastki qavatida savdo rastalari va ustaxonalar joylashgan. 7-9-asrlarda Vizantiya ibodatxona qurilishida o’rta asr italyan me’morligi uslubiga xos bo’lgan Renessans an’analari asosida inshootlarning xochsimon gumbazli mumtoz turi qo’llanilgan (Nikeyadagi Uspeniya cherkovi, 7-asr; Salonikidagi Ayo Sofiya cherkovi, 8-asr). 9— 13-asrlarda binolar poygumbazidagi qalqonsimon bag’allar tosh bo’laklari va g’ishtdan mavjli bezakdor qilib terilib, ravoqsimon pog’onali shaklda koshin qoplanib, rangli suratlar ishlangan [Mireleyon ibodatxonasi (turkcha Budrum jome, 930 yil), Feodor cherkovi (turkcha Kilise jome, 11-asrning 2-yarmi), Pantokrator ibodatxona majmuasi (Zeyrek jome, 12-asr) va hokazolar. 14-15-asrlar me’moriy bezaklarida Bolqon slavyan me’morligi ta’siri ko’zga tashlanadi [salonikidagi besh gumbazli Apostol Cherkovi (turkcha Souksu jome, 12-15-asrlar); pastqam P-Simon shakldagi galereyali Markaziy katta gumbazli xona va atrofidagi 4 burchakda joylashgan kichik gumbazli xonalardan iborat bo’lgan]. Pastki qavati bazilika shaklida, yuqori qavati esa xochsimon gumbazli ko’rinishdagi binolarning (Konstantinopoldagi tekfur saroyi, 14-asr; Mistra hukmdorlari saroyi 13-15-asrlar) intererlari bezaklarida Mistra shahri manzaralari va Monastir majmualari (Afon va boshqalar) ko’rinishi aks ettirilgan. Tasviriy san’ati. Qadimgi davrdan o’rta asrlarga o’tish badiiy madaniyatda chuqur inqirozlarni yuzaga keltirdi; tasviriy san’atning ayrim turlari vujudga keldi, mavjudlari yo’qolib ketdi. Cherkov va davlat ehtiyojlari bilan bog’liq bo’lgan san’at turlari (ibodatxona tasvirlari, ikona va kitob miniatyurasi) muhim ahamiyat kasb etdi. Qadimgi ijodiy uslub o’rniga o’rta asrlarga xos xususiyatlar (jumladan, shartlilik) shakllandi; haykaltaroshlik inqirozga uchradi, qadimgi nafis shakllar yemirildi, ma’lum davrdan keyin Vizantiya san’atida haykaltaroshlik butunlay yo’qolib, faqat bo’rtma tasvirlarda saqlanib qoldi. Badiiy hunarmandlik buyumlari (tosh, suyak, metall), 4-5-asrlar Cherkov koshinlari (Avliyo Georgiy cherkovi, 4-asr oxiri)dagina qadimgi ohanglar muhim bo’lib, borliq go’zalligini avvalgidek his etish sezilib turadi. Qadimdi usullar Vizantiya san’atida kitob miniatyuralarida takrorlandi («Iisus Navin o’ramli yozuvlari»); rang tasvirning barcha turlari diniy mavzudagi tasvirlarni ishlashga bo’ysundirildi, me’moriy manzaralar o’rnini mavhum hashamdor tilla zamin egalladi, tasvirlar tekis yuzali qilib ishlandi. 9— 10-asrlarda ibodatxona devoriy rasmlari doimiy bir tizimga keltirildi; devor va gumbazlar qat’iy tartibdagi koshinkori bezaklar va freskalar bilan qoplandi, ichki bezaklarda yagona mazmunga bo’ysundirilgan me’moriy badiiy muhit (bunga ikonalar ham kiradi) yaratildi: Ayo Sofiya ibodatxonasi (6-12-asrlar), Afina yaqinidagi dafna monastiri (11-asr) mozaikalari, «Vladimir Momo Havosi» ikonasi va boshqakar. Kitob miniatyurasi taraqqiy etdi, bu davrda zargarlik bezagidan unumli foydalanildi, rasmlarda aniq hayotiy lavhalar, tarixiy shaxslar portretlari o’z aksini topdi. Haykaltaroshlik Galla Plasidiya maqbarasining ichki bezagi naqshli ikona va o’ymakori bezaklar (kapitel, mehrob to’siklari va shu kabilar)da ko’zga tashlanadi. Amaliy bezak san’ati (badiiy mato, rang-barang emal to’siqlar, fil suyagi va metalldan ishlangan buyumlar) yuksak darajada rivojlandi. Vizantiyaning bu davrdagi tasviriy san’ati an’analari yunon o’rta asrlar san’atidan o’zlashtirilgan hamda Markaziy, Sharqiy va Janubiy Yevropa mamlakatlarida bir qancha milliy badiiy maktablarning shakllanishiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Teatri. Vizantiya dunyoviy teatri antik teatrning vorisi bo’lgan. 4-asrda konstantinopolda 4 ta teatr bor edi, mim va pantomima (so’zsiz, imo-ishorali) hangomalar hamda dolzarb mavzudagi tomoshalar ko’rsatilardi. Cherkov tomosha ko’rsatishni xristian diniga dushman, ma’jusiylik unsuri deb hisoblab, Vizantiyadagi antik teatr an’analarini yo’qotib, aktyorlarni xristian jamoalaridan chiqarib yubordi. Teatr inshootlari buzib tashlandi, drama asarlarining qo’lyozmalari yo’q qilindi. Cherkov mimlarga ayniqsa shafqatsizlik qildi, ammo ularning an’analari xalq ommasi orasida davom etaverdi. Vizantiya cherkovi Diniy targ’ibot maqsadida Bibliya va ibodat rasm-rusumlari ruhidagi dramalarni avj oldirdi. Musiqasi. Vizantiya dunyoviy professional musiqasida saroy bayram — ibodatlarida tabrik so’zlari ko’pchilik tomonidan qiroat bilan aytilishi (akklamasiya), she’riy parchalar cholg’ular jo’rnavozligida jimjimador ohanglarda kuylanishi (evfemiya) hamda tantanali tadbirlarda kupovozli madhiya (polixromiya)larni ijro etish keng tarqalgan. Sozlardan gidravlos (suv organi), truba, tsimbala, keyinchalik pnevmatik organ kabilar mashhur bo’lgan. Diniy musiqada Bibliya matnlarini bir ovozda, jo’rsiz, o’ziga xos ohang bilan o’qish (psalmodiya), 4-asrdan boshlab xalq ohanglariga yaqin bo’lgan badiha (tropar)lar, kuyi rivojlangan falsafiy lirik qo’shiq (gimn)lar asosiy o’rin egallagan. 5-6-asrlarda yashagan shoir va musiqachi Roman xushxon shaklan rivojlangan asar (kondaklar)lar yaratgan. Ioann Damaskin (7— 8-asrlar) diniy madhiyalarning eng atoqli muallifidir. 9-asrgacha Yevropada peshqadamlik qilgan Vizantiya musiqasi keyinchalik inqirozga uchragan. So’nggi davr san’atkorlaridan Ioann Kukuzel (14-15-asrlar) musiqa nazariyotchisi hamda madqiyalar muallifi sifatida mashhur bo’lgan. Vizantiyaning madaniyati, fani, san’ati, maorifi va adabiyoti Osiyo, shimoliy Afrika, Yevropadagi ko’pgina mamlakatlarning madaniy taraqqiyotiga katta ta’sir o’tkazdi. Shu sababli Vizantiya madaniy merosi olimlar tomonidan hamon o’rganib kelinmoqda.