Vobkent tumani
Vobkent tumani — Buxoro viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Vobkent tumani Janubda Buxoro tumani, g’arbda Peshku, Romitan tumanlari, shimolda Shofirkon tumani, shimoli-Sharqda G’ijduvon tumani va Sharqda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,29 ming km2. Aholisi 101 ming kishi (2001). Vobkent tumanida bir shahar (Vobkent), 11 kishloq fuqarolari yig’ini (Imomqozixon, Kumushkent, Permast, Rohkent, Xayrabotcha, Xalach, Xargo’sh, Ehson, Yangikent, Qipchoq, Qo’ng’irot) bor. Markazi — Vobkent shahri. Tabiati. Vobkent tumani hududi cho’l bilan voha orasidagi tekislikda joylashgan. Iqlim kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28-30″, yanvarniki — 0° dan -2 gacha. Yiliga 140-200 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 150-180 kun. Tuman hududidan Zarafshon daryosi oqib o’tadi va Amu-Buxoro mashina kanali bor. Tuprog’i asosan bo’z tuproq. Yantoq, shirinmiya, achchiqmiya, sho’ra, ajriq, qamish, yaltirbosh, qirqbo’g’in, kovrak, otquloq va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, chiyabo’ri, quyon, yumronqoziq, echkemar, toshbaqa va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar; rus, tojik, Ozarbayjon, tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga 317,6 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 16 ming kishi. Qishloq aholisi 85 ming kishi (2001). Xo’jaligi. Tuman xo’jaligining asosini qishloq xo’jaligi tashkil etadi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — paxtachilik. Paxta, galla, poliz ekinlari, sabzavot, beda, makkajo’xori ekiladi. Vobkent tumanida 15 shirkat xo’jaligi, ijara xo’jaligi, parrandachilik fabrikasi, xo’jaliklararo bo’rdoqichilik korxonasi, 5 sanoat ishlab chiqarish korxonasi, 10 qurilish korxonasi, 3 avtokorxona, 300 dan ziyod tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchi korxonalar, shuningdek 290 dehqon va fermer xo’jaliklari, yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchi fuqarolar faoliyat ko’rsatmoqda. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 40,2 ming qoramol, 48,7 ming qo’y va echki bor. Vobkent tumanida mexanizatsiyalashgan ko’chma qurilish kolonnasi, qurilish boshqarmalari, maishiy xizmat ko’rsatish kombinati, avtobazalar bor. Tuman hududidan Toshkent — Buxoro — Urganch — Nukus avtomobil magistral yo’li o’tgan. 2000/2001 o’quv yilida 46 umumiy ta’lim maktabi, 1 musiqa maktabi, 2 iqtidorli bolalar litseyi, 1 biznes maktabi, 1 kasb-hunar kolleji, 50 dan ziyod ommaviy va bolalar kutubxonasi, 18 klub, 480 o’rinli kasalxona, 16 vrachlik ambulatoriyasi, 29 qishloq vrachlik punkti bo’lib, ularda 213 vrach, 1218 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1933 yildan «Vobkent hayoti» tuman gazetasi chiqadi (adadi 1210). Vobkent shahrida Vobkent minorasi, Vobkent tumanining Xayrobod shirkat xo’jaligi hududida «Chashmai Ayyub» maqbarasi (1208-12), Abdulazizxon madrasasi (15-16-asrlar), Vobkent hammomi (16— 17-asrlar), So’fidehqon xonaqosi (17— 18-asrlar), Permast qishlog’ida Toshmachit va boshqa tarixiy obidalar mavjud.