Vodil qabristoni

Vodil qabristoni — jez davrida yashagan chorvador qabilalarga mansub qabriston (miloddan avvalgi 2-ming yillikning oxiri va 1-ming yillikning boshlari). 1956 yil Olay tog’i etaklarining Vodil tumani (Farg’ona vodiysi) qismidan arxeologlar— N. G. Gorbunova va B. Z. Gamburglar topgan. Vodil qabristoni hududida 273 mozor qoldig’i bor. Vodil qabristonidagi qabrlarning 32 tasi tekshirilganda ular kimlarningdir tomonidan oldin ham ochilganligi, murda suyaklari joyidan qo’zg’atilganligi va ulardagi ko’p buyumlar o’g’irlanganligi aniqlandi. Tekshirilgan go’rlardan faqat naqshli sopol idish parchalari, jezdan ishlangan bir necha bilaguzuk, isirg’alar, bargsimon o’q uchlari va boshqa buyumlar topildi. Vodil qabristonidagi topilmalar Andronovo madaniyatiga ko’p jihatdan o’xshab ketadi.