Volgabo’yi o’zbeklari
Volgabo’yi o’zbeklari-VI-XIX asrlarda Volga bo’ylarida yashagan o’zbeklarga nisbatan ishlatilgan atama. Asrlar mobaynida Volga bo’ylaridagi shaharlar O’rta Osiyo mollari uchun muhim bozor hisoblangan. Xorazm, Buxoro va boshqa shaharlardan Volga bo’ylariga mol olib boruvchi maxsus savdogarlar bo’lgan. O’rta Osiyo hududida yashagan aholining ma’lum qismi ixtiyoriy ravishda Volga bo’ylariga borib o’rnashib qolgan. VI asr oxirida Volganing quyi oqimida vujudga kelgan Xazar podshohligiga O’rta Osiyoliklardan 20 mingga yaqin kishi ko’chib kelib o’rnashgan. Ularning ko’pchiligi xorazmliklar bo’lishgan. Xorazmliklar Xazar podshohligining ichki va tashqi savdosida muhim rol o’ynaganlar. Podshohlik vaziri xorazmliklardan tayinlangan. Hatto podshohlikning 1200 kishidan iborat gvardiyasi ham xorazmliklardan tashkil topgan. Xorazmliklar Xazar podshohligining siyosiy va ijtimoiy hayotida katta mavqe egallaganlar. Mo’g’ullarning Oltin O’rda davlati barpo etilgandan keyin ham Volgabo’yi o’zbeklari davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotida katta mavqeini saqlab qolgan. Ular Oltin O’rdaning Saroy Botu va Saroy Berkadagi poytaxt shaharlarida istiqomat qilib, savdo va hunarmandchilik bilan shug’ullanganlar. Ular Oltin O’rda davlatida nafaqat arxitektura, naqqoshlik, hunarmandchilik taraqqiyoti va madaniy yuksalishga, balki Oltin O’rda adabiyoti va adabiy tilining rivojiga ham muhim hissa qo’shganlar. Volgabo’yi o’zbeklari uzoq vaqt o’z urf-odatlari, tili va dinini saqlab qolgan. XIX asr o’rtalariga kelib, ularning ma’lum qismi o’z vataniga qaytgan, qolgan qismi esa hozir ham Astraxan yaqinida yashab kelmoqdalar.