Volta (Volta) Alessandro
Volta (Volta) Alessandro (1745.18.2-Komo – 1827.5.3) – italyan fizigi va fiziologi. Ilmiy ishlari elektr, kimyo va fiziologiyaga doir. Elektr asboblari (elektrofor, elektrometr, kondensator, elektroskop va boshqalar)ni ixtiro qilgan. Volta 1775 yilda yonuvchi gaz — metanni topgan, L. Gal’vani kashf qilgan «jonli elektr»ga qiziqib qolib, bu borada tajribalar o’tkazgan. Volta 1800 yilda birinchi o’zgarmas tok manbai — Volta ustunini kashf qilgan, har xil metallar bir-biriga tekkanda elektrlashib qolishini aniqlagan va ular orasida paydo bo’ladigan kuchlanish qiymati bo’yicha joylashtirib chiqqan. Elektr kuchlanish birligi (volt) Volta nomi bilan atalgan. Volta hayvonlar bilan qiyosiy-fiziologik tajribalar o’tkazib. nerv tolalari, ichaklar va oshqozonning mushaklar va skeletga nisbatan elektr tokini ko’proq o’tkazishini kuzatgan. U odamning ko’rish va ta’m bilish organlari elektrdan qo’zg’alishini aniqlagan.