Vrach nazorati
Vrach nazorati (jismoniy tarbiya va sportda)— jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanmoqchi bo’lganlarni saralash, bajarilayotgan mashqlaring ular organizmiga ta’sirini (ijobiy, salbiy) o’rganish maqsadida o’tkaziladigan tibbiy nazorat; sport tibbiyotining asosiy qismi. Vrach nazoratining asosiy vazifalari: jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanmoqchi bo’lganlarning salomatligi, funktsional holatini aniqlash va olingan natijalarga asosan ularning mashqlar bilan shug’ullanishi uchun ratsional tavsiyanomalar berish; jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanish jarayonida mashqlar ta’sirida jismoniy rivojlanish, salomatlik, funktsional holatda bo’layotgan o’zgarishlarni muntazam kuzatib turish; mashqlarni noto’g’ri bajarish oqibatida kelib chiqadigan patologik holatlarni aniqlash, oldini olish va davolashdan iborat. Nazorat vrachi jismoniy mashqlar vositalarini qo’llashda vrachlik-jismoniy tarbiya dispanserlarining tashkiliy-metodik ishlariga rahbarlik qiladi; jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanmoqchi bo’lganlar yoki shug’ullanayotganlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazadi; optimal harakat tartibini ko’rsatadi; jismoniy tarbiya va sport bo’yicha vrachlik konsultatsiyasini beradi; jismoniy tarbiya darslari va sport mashqlari jarayonida vrach-pedagog nazoratini olib boradi; ommaviy sport tadbirlarida tibbiy yordam ko’rsatadi. Vrach nazorati bo’yicha tashkiliy-metodik rahbarlikni vrachlik-jismoniy tarbiya dispanserlari olib boradi.