Vrachlik punkti

Vrachlik punkti – O’zbekiston Respublikasi shahar va qishloqlarida tashkil etiladigan tibbiy muassasa. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «1996-2000 yillarda qishloqlar ijtimoiy infra- strukturasini rivojlantirish dasturi to’g’risida» chiqargan (1996.21.5 №182) qaroriga muvofiq birinchi marta 1996 yilda tashkil etilgan. Vrachlik punktida kamida 10-12 xona, jumladan katta yoshdagi kishilar va bolalarni umumiy qabul qiladigan vrach xonasi, ro’yxatga olish, muolaja qilish, elektrokardiografiya, fizioterapiya, ayollarni ko’zdan kechirish, shuningdek bolalarni emlash (vaktsinatsiya) xonalari bo’ladi. Kunduzi yotib davolanadigan xonalar, dorixona ham bo’lishi shart. Vrachlik punkti o’zi xizmat ko’rsatadigan aholi o’rtasida profilaktik va sog’lomlashtirish ishlarini olib boradi. Muayyan hududda yashaydigan 1500-2000 aholiga 1 vrach umumiy amaliy yordam ko’rsatadi. Vrachlik punkti onalar va bolalar sog’lig’ini muhofaza qiladi; sil, onkologik, tanosil kasalliklariga qarshi kurash olib boradi; aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzini targ’ib etadi. Vrachlik punkti xodimlarining vazifasi quyidagilardan iborat: shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatish; punktga biriktirilgan katta yoshdagi kishilar va bolalar o’rtasida kasalliklarni o’z vaqtida aniqlash va sog’lomlashtirish ishlarini olib borish; uyga borib tibbiy yordam ko’rsatish; punktda kunduzi yotib davolanayotgan va uyda davo olayotgan bemorlarga muolaja qilish; bolalarni o’z muddatida emlash; ma’lum muddatlarda va tasdiqlangan hujjatlarga muvofiq aholini profilaktik tibbiy ko’rikdan o’tkazib turish; mehnatga qobiliyatsizlikni aniqlash va kasallik varaqasi berish.