Vulkan tog’ jinslari, vulkanitlar
Vulkan tog’ jinslari, vulkanitlar — vulkanlarning otilishidan paydo bo’lgan tog’jinslari. Otilishi tarziga ko’ra, Vulkan tog’ jinslari 2 xilga bo’linadi: effuziv va vulkanogen-bo’lakli jinslar. Effuziv Vulkan tog’ jinslari lavaning yer yuziga oqib chiqib qotishidan hosil bo’ladi (bazaltlar, andezitlar, diabazlar, vulkan shishasi va boshqalar). Vulkanogen-bo’lakli jinslar vulkanning portlab otilishidan vujudga keladi. Bular ikkiga bo’linadi: bo’sh (vulkan kuli, qumi va boshqalar) va zichlashgan, tsementlashgan (vulkan tuflari, tuf brekchiyalari va boshqalar). Effuziv jinslarning shakli lavaning yopishqoqligi va vulkan oblastlari relefiga bog’liq. Kam yopishqoq bazalt lavalari qoplam va oqimlar hosil qiladi. Oqib chiqqan yopishqoq lavalardan gumbaz va ignasimon shakllar hosil bo’ladi. Kanallardan oqib chiquvchi lava qotib, dayka va nekklar tarkib topadi. Vulkan tog’ jinslari qadimgi va zamonaviy vulkan oblastlarida ko’p tarqalgan. O’zbekistonda qadimgi Vulkan tog’ jinslari Qurama, Chatqol, Hisor va O’zbekistonning g’arbidagi tog’larda mavjud. Vulkan tog’ jinslari bilan oltin (Qo’shbuloq) polimetall va boshqa rudali konlar bog’liq. Vulkan tog’ jinslari qurilish, abraziv materiali sifatida ham ko’p ishlatiladi.