Xachir
Xachir (Mulus) — uy hayvoni; ot (biya) bilan eshak (hangi) duragayi. Xitoy, Hindiston, Turkiya, Afrika, Italiya, Frantsiya, Ispaniya, O’rta Osiyoda Xachir yetishtirish azaldan mavjud bo’lgan. So’nggi davrlarda Meksika, Argentina va AQShda ham rivoj topdi. O’zbekistonda qadimdan Xachir yetishtirish va xo’jalik maqsadlarida ulardan yuk tashishda va ulov tarzida samarali foydalanib kelingan. Xachir gavdasi, ko’krak qafasi kengligi va tez yurishi bilan otlarga o’xshasa, chidamli va ishchanligi, boshining kattaligi qulog’ining uzunligi, bo’ynining to’g’riligi va kaltaligi bilan eshakka o’xshaydi. 40-50 yil yashaydi, 30— 35 yil ishlash qobiliyatiga ega, yuqumli kasalliklarga kam chalinadi, iqlim sharoitiga yaxshi moslashadi, ozuqa tanlamaydi, parvarishga unchalik muhtoj emas. Tusi har xil. Xachirning erkagi va urg’ochisi bepusht bo’ladi. Ular o’zaro nael bermaydi, lekin urg’ochi Xachir ayrim hollarda ayg’irdan yoki hangi eshakdan qochib nael berish xususiyatiga ega. Erkak Xachir 1,5 yoshda bichiladi. 2-3 yoshidan ishga o’rgatiladi. 4 yoshida yetuk ish hayvoniga aylanadi. Yirik biyalardan va zavod zotidan bo’lgan eshaklardan bo’yi 160-170 santimetr va tirik vazni 600-650 kilogramm bo’lgan o’ta kuchli va yuk tashuvchi Xachirlar olinadi. Xachirni otlar kabi tirik vaznga muvofiq oziqlantirish tavsiya etiladi. 20-asrning 30-yillarigacha O’rta Osiyo yilqichilik, tuyachilik, eshakchilik va xachir yetishtirish stansiyasida Xachir yetishtirish va ulardan foydalanish masalalari ilmiy o’rganildi (V.A.Shchekin). 20-asrning 50-yillaridan boshlab Xachir O’zbekistonda avtomobil transportining rivojlanishi bilan deyarli yo’qolib ketdi. Ad.: Lakoza I.I., Shchekin V.A., Verblyudovodstvo i Osnovi oslovodstva i muloproizvodstva, M., 1964. Abdusattor Amirov.