XALQ DEPUTATLARI KENGASHI

XALQ DEPUTATLARI KENGASHI — O’zbekiston Respublikasining mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari. Ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko’zlab o’z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar. Mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga quyidagilar kiradi: qonuniylikni, huquqiy-tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta‘minlash; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish; mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig’imlarni belgilash, budjetdan tashqari jamg’armalarni hosil qilish; mahalliy kommunal xo’jalikka rahbarlik qilish; atrof-muhitni muhofaza qilish; fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta‘minlash; normativ hujjatlarni qabul qilish hamda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O’zbekiston Respublikasi qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. Xalq deputatlari Kengashlarining vakolat muddati – 5 yil. Vakillik hokimiyatini tegishliligiga qarab viloyat, tuman va shahar hokimlari boshqaradi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini tashkil qilish, ularning vakolat doirasini va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini saylash tartibi qonun bilan belgilanadi. Viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi, ular bo’yicha xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.